Jurnalist va blogerlar kuzgi-qishki ishlar bilan tanishdi (video)
Jahon tajribasida tabiiy gazdan oqilona foydalanish, uni qayta ishlab, sanoat va qishloq xo‘jaligi uchun zarur xomashyo olishga alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, yangi qurilayotgan uy-joylarda isitish va maishiy ehtiyojlar uchun tabiiy gaz o‘rniga elektr energiyasidan foydalanish amaliyoti kengaymoqda. Ishlab chiqarish korxonalaridagi ayrim qozonxonalar elektr energiyasiga o‘tkazilayotgan bo‘lsa, boshqalarida gaz sarfini kamaytirishga qaratilgan texnologiyalar joriy etilmoqda.
Bunday choralar, bir tomondan, atrof-muhit musaffoligini saqlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkonini beradi. Tejalgan tabiiy gazni qayta ishlash orqali qo‘shimcha xomashyo va mahsulotlar olish mumkin.
Ayni paytda bu jarayonlar energiya resurslari iste’moli tarkibiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda: tabiiy gaz sarfi kamayishi bilan elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortmoqda. Xo‘sh, Farg‘ona viloyatida gaz va elektr energiyasi iste’moli o‘rtasidagi bu muvozanat qanday ta’minlanmoqda? Ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoji qay darajada qondiriladi?
Viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda gaz va elektr ta’minoti idoralari rahbarlari va mutaxassislari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shu kabi masalalar muhokama qilindi.
Bugun Farg‘ona viloyatida 919,7 ming gaz iste’molchisi bor. Ularga 7,9 mingta gaz tarmoqlari xizmat ko‘rsatadi, 4,5 ming gaz taqsimlash qurilmasi faoliyat yurityapti. Joylarda tejamkor texnologiyalar qo‘llanishi, gaz yoqishni kamaytirish va hisob-kitoblarni tartibga solish natijasida agar 2020-yilda Farg‘ona viloyatida 2 milliard 167 mln metr kub gaz iste’mol qilingan bo‘lsa, 2026-yilga kelib bu raqam 1 milliard 860 mln metr kubga yoki 15 foizga qisqardi. Farg‘ona tumani misolida olsak, 2025-yilning 9 oyida 85 million metr kub gaz iste’mol qilingan edi. Bu yil shu davrda esa atigi 64 mln metr kub yoki avvalgi yildan 25 foiz gaz kam sarflandi.
O‘z navbatida bu elektr quvvatiga ehtiyojni oshiryapti. Agar 2025-yilda Farg‘ona viloyatida 5,2 milliard kilovatt soat elektr quvvat iste’mol qilingan bo‘lsa, bu yil iste’molchilar safining kengayishi tufayli bu raqam 5,6 mlrd kilovatt soatga yetishi kutilmoqda
[gallery-476859]
Viloyatda muqobil energiya ishlab chiqarish quvvatlari, jumladan, quyosh panellarining umumiy quvvati 130 megavattni tashkil etadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tumanida elektr energiyasini saqlash tizimi tashkil etilgan. Hozirda u kunduzi 150 megavatt elektr energiyasini to‘plab, kechasi tarmoqqa uzatish imkoniga ega. Kelgusida mazkur tizim quvvatini 300 megavattga yetkazish rejalashtirilgan.
Suyultirilgan gaz ta’minotida aholiga yetkazish muddati belgilangan 40 kun o‘rniga, ba’zida ayrim mahallalarda 45-50 kun bo‘layotgani ta’kidlandi. Ammo bu muammo suyultirilgan gaz yetkazib beruvchi Qashqadaryo viloyatidagi ta’minotchilarning ijro intizomi bilan ham bog‘liqligiga e’tibor qaratildi.
Jurnalist va blogerlar Yangiyo‘l tajribasi qo‘llanayotgan Farg‘ona tumani hududlarida, jumladan, Beruniy va Mehnatobod mahallalarida ham bo‘lib, gaz, elektr ta’minoti borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
<iframe width="1493" height="840" src="https://www.youtube.com/embed/B84BdRZ5CGk" title="Jurnalist va blogerlar kuzgi - qishgi ishlar bilan tanishdilar." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA