Jurnalist faqat axborot yetkazuvchi emas
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbus bilan Sirdaryo shahrida “Jurnalistning kasb etikasi: bunda qanday normalar mavjud?” mavzusida mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jizzax, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida faoliyat yuritayotgan OAV vakillari, tajribali jurnalistlar hamda sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov o‘z so‘zida jurnalistikada axloqiy mezonlarning ahamiyati, inson huquqlariga hurmat va jamiyat oldidagi burch, kasb etikasi masalalariga e’tibor qaratdi.
Seminarda so‘zga chiqqanlar – jizzaxlik taniqli jurnalist Said Donishev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Nosirjon Dehqonov, “Guliston hayoti” gazetasi bosh muharriri Bahriniso Norjigitova, shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Aliqul Xonimqulov jurnalistning jamiyatdagi roli, so‘z mas’uliyati va axborotni to‘g‘ri yetkazish kabi muhim jihatlar haqida fikr bildirishdi.

– Jurnalist faqat axborot yetkazuvchi emas, balki jamiyatda fikr shakllantiruvchi, uni yo‘naltiruvchi va hayotga ta’sir ko‘rsatuvchi shaxsdir. Shu bois har bir so‘z – mas’uliyat, har bir maqola – jamiyat oldida burch, – deya ta’kidlandi seminarda.
Seminar ishtirokchilari kasb etikasi masalasini faqat nazariy emas, balki amaliyot nuqtai nazaridan ham muhokama qilishdi. Tadbir doirasida feyk axborotlar, manipulyativ materiallar, inson sha’niga tajovuz qilish holatlari va bu kabi xatolarning oqibatlari haqida aniq misollar asosida fikr almashildi. Feyklarga qarshi samarali kurash usullari, faktcheking va axborot manbalarini tekshirish bo‘yicha tavsiyalar ham berildi.

Ushbu mintaqaviy seminar jurnalistlar uchun nafaqat tajriba almashish maydoni, balki soha rivojiga mas’ullar o‘rtasida ochiq muloqot platformasi sifatida ahamiyat kasb etdi. Kasb etikasi, so‘z erkinligi va jamiyat oldidagi mas’uliyat mavzulariga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar milliy jurnalistikaning saviyasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri