JST qoidalari asosida eksport qanday amalga oshiriladi?
Adliya vazirligida “O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga qo‘shilishi: tashkilot qoidalari asosida eksportni amalga oshirish” mavzusida seminar tashkil etildi.
Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mutaxassislar, eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etdi.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi sharoitida eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarini amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor qilish orqali ularning faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ushbu yo‘nalishdagi asoslar haqida so‘z yuritildi.
Prezidentimizning 2024 yil 30 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida 2024-2025 yillarda mahalliy sanoat tarmoqlari xodimlari tomonidan hududlardagi eksporti 1 million AQSH dollaridan yuqori bo‘lgan korxonalarni JST talablariga moslashtirishga ko‘maklashishni tashkil etish vazifasi belgilangan.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash yuzasidan Adliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan eksport faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari ma’sul xodimlari JSTning eksport bo‘yicha qoida va me’yorlari bilan tanishtirildi. Eksport sohasidagi milliy qonunchilikdagi o‘zgarishlardan xabardor qilindi.
Jumladan, JSTning eksport sohasidagi qoidalari, bojxona qonunchiligi va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, eksport bilan bog‘liq sanitariya-epidemiologiya, o‘simliklar karantini, veterinariya masalalari, intellektual mulk huquqlarining eksport faoliyatidagi ahamiyati tushuntirildi.
Seminar davomida tadbirkorlar uchun mavzu yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, seminar yakunida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar vakillaridan javoblar oldi.
N.Abduraimova,
O‘zA