Joriy yil suv xo‘jaligi tizimiga 1000 nafardan ziyod yosh mutaxassis ishga qabul qilindi
O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Xayrulla Sattorov bilan uchrashdi. Unda yoshlarning suv xo‘jaligi tizimidagi ishtiroki va ularning salohiyatidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Suvni asrash va undan oqilona foydalanish faqat soha mutaxassislarining vazifasi emas. Bu borada jamiyatning barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning faol ishtiroki muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda suv xo‘jaligi tizimida yosh kadrlar ulushini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Vazirlik tizimida 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlar ulushini 30 foizga yetkazish maqsad qilingan. Shu maqsadda 2026-yilning o‘zida oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan 1000 nafardan ziyod yosh mutaxassis ishga qabul qilingan.
Yoshlarni ish bilan ta’minlash bilan birga, ularning kasbiy o‘sishi, ilmiy izlanishlari va innovatsion loyihalarda ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etish orqali qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlarini kengaytirishga ham e’tibor qaratilmoqda.
Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim va texnologiyalarini amaliyotga joriy etishiga ko‘maklashish borasidagi ishlar ham muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining amalga oshirayotgan ishlari va loyihalari haqida ma’lumot berildi. Jumladan, iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini asrashga qaratilgan tashabbuslar, xususan, “Suvni birgalikda asraymiz” loyihasi taqdim etildi.
Suvdan tejamkor va samarali foydalanish ko‘nikmalarini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun tushuntirish ishlarini zamonaviy usullarda olib borish va suvga ehtiyotkor munosabatni kundalik odatga aylantirish muhimligi qayd etildi.
Xayrulla Sattorov yosh suvchilar uchun alohida loyiha ishlab chiqish tashabbusini bildirdi. Loyiha doirasida iqtidorli va tashabbuskor yosh mutaxassislarni birlashtirish, ularning g‘oya va ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlash hamda tajriba almashish uchun imkoniyatlar yaratish taklif etildi.
Shuningdek, suv va undan oqilona foydalanishga oid zamonaviy mavzularni ta’lim dasturlari va darsliklarga kengroq kiritish, xalqaro tadbirlar doirasida yosh suvchilar forumlarini o‘tkazish, suv pavilonlari va ko‘rgazmalar tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida suvdan foydalanish madaniyatini targ‘ib qilishni yanada kuchaytirish, ayniqsa, yoshlar bilan ishlashda zamonaviy va ta’sirchan usullardan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA