Jonkuyar va fidoyi o‘qituvchi
Mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida o‘qituvchi va murabbiylarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mehnatini qadrlash va rag‘batlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida o‘qituvchi va murabbiylarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mehnatini qadrlash va rag‘batlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.Ustozlarga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibor Toshkent qurilish- kommunal kasb-hunar kollejining maxsus fan o‘qituvchisi Guli Muhamadjonova faoliyatida ham namoyon bo‘lmoqda.
G.Muhamadjonovaning maktabda o‘qib yurgan kezlaridanoq o‘qishi, intilishi, bilimlarni o‘zlashtirishi bo‘yicha aniq fanlarga ishtiyoqi baland ekani yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu intilish uni Toshkent arxitektura-qurilish instituti sari yetakladi. Yosh mutaxassis bir necha yil mobaynida “Foton” aksiyadorlik jamiyatida faoliyat ko‘rsatdi. 2002-yildan boshlab kollejda suv-gaz ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini o‘rnatish va ishlatish fani bo‘yicha o‘quvchilarga dars berib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan ta’lim sohasida boshlangan islohotlar, jumladan, o‘qitishning muhim tizimi – umumiy va oliy ta’limni o‘zaro bog‘lovchi mutlaqo yangi yo‘nalish – o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining joriy etilishi butun xalqimiz, keng jamoatchilik, barcha ota-onalar, ustoz va murabbiylar kabi Guli opani ham befarq qoldirmadi.
– Mamlakatimizda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun hamda Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi qabul qilinib, 9+3 sxemasi bo‘yicha 12-yillik umumiy majburiy bepul ta’lim tizimi joriy etilgani o‘z samarasini bermoqda, – deydi G.Muhamadjonova. – Ushbu modelning prinsipial xususiyati shundaki, umumta’lim maktabidagi 9-yillik o‘qishdan so‘ng o‘quvchilar keyingi 3-yil davomida ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kolleji yoki akademik litseyda tahsil olib, ularning har biri umumta’lim fanlari bilan birga mehnat bozorida talab qilinadigan ikki-uch mutaxassislik bo‘yicha kasb-hunar ham egallaydi.
Guli Muhamadjonovaning bu boradagi ham nazariy, ham amaliy qarashlari, tahlil va izlanishlari kasb odobi va xizmat ko‘rsatish madaniyatiga doir bir qator uslubiy qo‘llanma va namunaviy dasturlarda o‘z ifodasini topgan. Bu qo‘llanmalar o‘rta maxsus ta’lim maskanlari o‘quvchilari uchun kasb mahoratini shakllantirish, ishlab chiqarish korxonalarida mutaxassislar uchun qo‘yiladigan asosiy talablar, mehnat intizomi, muomala madaniyati, jamoada o‘zini tutish, ko‘pchilik bilan ishlash kabi muhim masalalarga oid ko‘nikmalarni puxta egallash imkonini berayotir.
Turli seminarlarda G.Muhamadjonovaning tajribasi, maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi hamkasblarida katta qiziqish uyg‘otdi. Uning aytishicha, kollejning laboratoriyasi, ustaxona yoki kichik sexidagi o‘quv-amaliyot jarayonlari bitiruvchilarning mehnat jamoalarida dadil ish boshlashiga yaxshi turtki beradi.
2012-yilda O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma loyihasi asosida kollejga yangi o‘quv jihozlari o‘rnatildi. Ushbu uskunalarni o‘rnatilishi nazariy bilimlarni bevosita amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilmoqda.
– Bilim maskanimizda to‘qsondan ortiq pedagog faoliyat ko‘rsatadi, – deydi Toshkent qurilish-kommunal kasb-hunar kolleji direktori Ilhom Islomov. – Yoshlarning o‘z tanlagan kasbiga mehrining ortishida, bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishida, mehnat jamoalarida hurmat qozonishida Guli opa singari fidoyi o‘qituvchilarning hissasi beqiyos.
Kollejda turli ishlab chiqarish korxonalari, firma va kompaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bilim maskanidagi yo‘nalish va ixtisosliklar bo‘yicha to‘liqroq ma’lumot olishda «Ochiq eshiklar kuni», «Kasblar festivali» kabi tadbirlarda pedagogning ijodiy yondashuvlari, kollej o‘quvchilarini kasbga qiziqtira olishiga doir tashabbuslar yaxshi natija bermoqda.
Yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat, mehnatsevarlik va atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish tuyg‘ularini singdirayotgan jonkuyar o‘qituvchi 2015-yil O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi. Bu e’tirof ustozni barkamol avlod tarbiyasidagi faoliyati samaradorligini yanada oshirishga undamoqda.