Jomboyda dehqonchilik maktabi yaratilmoqda
Dunyoda har yili ikki million tonnadan ziyod yong‘oq yetishtiriladi va iste’mol qilinadi.
So‘nggi yillarda uning iste’mol qilish miqdori oshib bormoqda. AQSH, Chili, Ukraina, Xitoy va Moldova eng ko‘p yong‘oq eksport qiluvchi mamlakatlar sirasiga kiradi. Yurtimiz ushbu mahsulotni yetishtirish bo‘yicha qulay iqlim sharoitiga ega bo‘lishiga qaramay, yong‘oq eksport qiluvchi asosiy mamlakatlar qatoriga kirmaydi.
Endilikda bu boradagi imkoniyatlarni ishga solish uchun hududlarda yong‘oqzorlar barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Xaitov ishtirokida Jomboy tumanida 129 gektar maydonda yong‘oqzor tashkil etish maqsadida o‘tkazilgan amaliy seminarda ham bu borada alohida qayd etildi.
– Yong‘oq – namlikni yoqtiradigan daraxt. O‘zbekistonning ayrim joylarida, masalan, Jomboy tumanida uni sug‘ormay o‘stirish mumkin. Bunda yog‘ingarchilik miqdori 800-900 mm.dan kam bo‘lmasligi kerak, –deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining Samarqanddagi vakili Shomirza Safarov. – Bugun “Yorqulbobo” fermer xo‘jaligining 32 gektar yerida dastlabki yong‘oq ko‘chatlari ekilib, plantatsiyaga asos solindi. Chunki, chetga sotish uchun bir xil nav va katta partiyadagi yong‘oq kerak. Bunga faqat yong‘oq plantatsiyalari yaratish yo‘li bilan erishish mumkin.
Qayd etish kerakki, Jomboyda yangi dehqonchilik madaniyatini yaratish maqsadida ekin maydonlaridagi ekinlar qayta taqsimlanmoqda. Misol uchun, joriy yilda hozirga qadar paxta ekilgan va past hosil olingan 8 ming gektarning rentabelligini oshirish maqsadida boshqa ekinlar ekiladi. Bosqichma-bosqich olib borilgan qisqartirish natijasida paxta maydonlari 800 gektar atrofida qoldi. U ham bo‘lsa, suvga yaqin va hosildorlik yuqori bo‘lgan manzillar tanlab olingan.
Tumanda aholi daromadlarini va bozordagi to‘kinlikni ta’minlash maqsadida 7481 ta yangi loyihani amalga oshirish, bunda yoshlarga 30 sotixdan yer ajratish choralari ko‘rilmoqda. Buning uchun kerak bo‘ladigan mablag‘larni O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va uning jamg‘armasi hisobidan ajratish mo‘ljallanmoqda.
Ana shu mablag‘lar evaziga aholi xonadonlariga 62 mingta parranda tarqatilib, 5 gektarda 557 xonadonga issiqxona qurilib, 5 mingdan ortiq xonadonga anor ko‘chatlari yetkazib beriladi. Shuningdek, 1 ming 780 gektar samarasiz ekin maydonlarini o‘zlashtirish hisobiga bog‘ va tokzorlar barpo etish, dorivor va ozuqa o‘simliklar yetishtirish kutilmoqda.
Har qarich yerdan unumli foydalanish va hosildorlikni oshirish maqsadida yangi bog‘ qator oralariga ham yiliga uch marta ekin ekish tavsiya etilmoqda. Bunda esa Jomboy tumanida tashkil etiladigan oltita “Tomorqa xizmati”, ikkita kooperatsiya va aholiga 12 turdagi xizmatlar ko‘rsatuvchi klasterning alohida ko‘magi kutilmoqda.