Jomboy intensiv ko‘chatlar eksport qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari Jomboy tumani qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda jami sug‘oriladigan yer maydoni 19650 gektar bo‘lib, shundan kuzgi boshoqli don ekinlari 11235 gektarni, sabzavot 3331, ozuqa ekinlari 3220 gektarni tashkil etadi.
- Tumanimiz savzavotchilik va bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilayotganligi bois, yildan yilga mazkur yo‘nalishdagi islohotlar kengaymoqda, - deydi tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akbar Ikromov. – Bunda yerdan oqilona foydalanish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimini joriy qilish orqali suvni tejashga alohida e’tibor qaratayapmiz. Ayni paytgacha bog‘dorchilik va savzavotchilik yo‘nalishidagi xo‘jaliklarimizning 3200 gektar yer maydoniga tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan. 2021 yilda yana 1900 gektar maydon tomchilatib sug‘orishga o‘tkaziladi. Suvni tejash tizimi texnologiyasi bo‘yicha barcha zarur materiallar tumanimizda ishlab chiqarilmoqda.


Press-tur ishtirokchilari tumandagi “Bog‘bon” agrokompleksida tashkil qilingan In vitro laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur laboratoriya joriy yilda faoliyat boshlagan bo‘lib, bu yerda ko‘paytirish qiyin bo‘lgan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari vegetativ usulda zamonaviy texnologiyalar asosida yetishtiriladi. Umimiy qiymati 2,5 million AQSH dollari bo‘lgan loyihaning amalga oshirilishi natijasida shu paytgacha xorijdan olib kelingan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari mahalliy sharoitda tayyorlanmoqda. Laboratoriyaning ishga tushirilishi 80 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga zamin yaratdi.

- Faoliyatimizni boshlagan davrda xorijdan olib kelingan ko‘chatlarimizning har bir donasining tannarxi 5 dollardan 20 dollargacha yetgan, - deydi In vitro laboratoriyasi rahbari Ilyos Haydarov. – Ayni paytda biz yetishtirayotgan ko‘chatlar 3-3,5 dollar qiymatga ega bo‘lmoqda. Eng muhimi, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish niyatida kelgan xaridorlarning samarali faoliyat yuritishlari uchun ularning tuproq sharoitini o‘rganib, yerga mos ko‘chatlarni tavsiya qilamiz. Buning uchun tuproq tashxislash laboratoriyamiz ham tashkil qilingan.

Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan laboratoriyaning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 milliondan 20 million donagacha payvandtag, payvandlangan ko‘chatlar yetishtirish imkonini beradi. Joriy yil 4 milliondan 6 million donagacha ko‘chat tayyorlandi. Bu ko‘rsatkich 2021-2022 yilga borib 20 millionga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Ayni paytda qo‘shni Turmaniston, Afg‘oniston, Qirg‘iz Respublikalaridan buyurtmalar kelib tushmoqda. 2023 yildan laboratoriyada yetishtirilgan ko‘chatlar eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Press-tur davomida OAV vakillari tumandagi “PURE MILKY” chorvachilik majmuasida bo‘ldi. Sut yo‘nalishida tashkil etilgan majmua 2016 yilda faoliyat boshlagan bo‘lib, hozirda bu yerda 2 ming boshga yaqin naslli qoramol boqilmoqda. Majmua boshqaruvchisi Otabek Bozorovning ta’kidlashicha, ayni paytda 850 ta sog‘in sigirdan kuniga 28 tonnagacha sut sog‘ilib, qayta ishlash zavodiga yetkazilmoqda. Majmuaning 900 gektarga yaqin yer maydoni mavjud bo‘lib, bu yerda xo‘jalik uchun zarur bo‘lgan ozuqa ekinlari yetishtiriladi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA