Jizzaxlik paxtakorlar ham rejani uddalashdi
Joriy yilgi paxta hosilini yig‘ishtirib olish ishlari mamlakat bo‘ylab jadal sur’atlarda davom etmoqda.
20 oktyabrga kelib, O‘zbekistonda 3 million 433 ming 406 tonna paxta xomashyosi terib olindi va bu ko‘rsatkich belgilagan rejaning 91,2 foizini tashkil etmoqda. Albatta, mazkur ulkan xirmonda Jizzax viloyati paxtakorlarining ham sezilarli ulushi bor.
Voha dehqonlari va fermerlari belgilangan 290 ming 680 tonnalik shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajarib, 291 ming 18 tonna paxta tayyorlashga erishdilar.
Jizzaxlik paxtakorlar hosildorlikni oshirish va agrotexnologiyalarni samarali joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishdi. 67 ming gektar paxta dalasida parvarish jarayonlari yuqori darajada olib borildi. Hatto ayrim xo‘jaliklarda bir gektardan olingan hosil 90 sentnergacha yetdi.
[gallery-25822]
Terimda 300 ga yaqin mashinalar yordamida 262 ming 150 tonna paxta yig‘ishtirib olindi. Bu jami terilgan hosilning 90,1 foizini tashkil etdi.
Suv ta’minoti sohasida ham katta ishlar amalga oshirildi. Xitoyning Shinjon texnologiyasi asosida, plyonka ostiga qo‘shqator usulida “XinLuZhoang-57” navi ekilib, intensiv tarzda parvarish qilish va tomchilatib sug‘orishga alohida e’tibor qaratilgani hosilning yanada yuqori bo‘lishiga zamin yaratdi. 66 kilometr uzunlikdagi kanalning tozalanishi va 27 ming gektar maydonning suv bilan o‘z vaqtida ta’minlanishi esa paxta parvarishida barqarorlikni ta’minladi.
Kunlik yig‘im-terim ishlari ham nihoyatda jadallik bilan olib borilayotganini ko‘rsatmoqda.
Jizzax viloyati hokimligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va mahalliy klasterlar tomonidan tizimli tashkil etilgan rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlar natijasida paxtakorlar har bir kun va har bir texnikadan samarali foydalanishga muvaffaq bo‘ldilar.
Viloyatning yetakchi tumanlari — Do‘stlik (57 ming 933 tonna), Paxtakor (51 ming 664 tonna), Mirzacho‘l (49 ming 142 tonna), Zafarobod (39 ming 449 tonna), Zarbdor (36 ming 777 tonna), Sharof Rashidov (28 ming 900 tonna) va Arnasoy (27 ming 110 tonna) — munosib paxta xirmonlari bilan viloyat paxtakorlarining g‘alabasiga munosib hissa qo‘shishdi.
Ayni paytda esa viloyatning paxta dalalarida hosil mo‘l, yig‘im-terim ishlari qizg‘in davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA