Jizzaxlik o‘quvchi xalqaro olimpiada g‘olibi bo‘ldi
Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi Humoyun Norbekov Portugaliyada o‘tkazilgan Xalqaro biologiya olimpiadasida dunyoda o‘z tengqurlari orasida tengsiz ekanligini isbotladi.
Joriy yilning 18-23 iyul kunlari Lissabon shahrida o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “IBO-32” (Xalqaro biologiya olimpiadasi)da O‘zbekiston sharafini himoya qilgan yosh vatandoshlarimiz 2 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Quvonarlisi, g‘oliblar safida Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi Sayiljoy akademik litseyining 2-bosqich o‘quvchisi jizzaxlik Humoyun Norbekov ana shu 2 oltin medaldan bittasini qo‘lga kiritdi.
– Ushbu zafarimiz Prezidentimizning biz, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi, yetuk inson bo‘lishimiz, to‘liq ta’lim olishimiz uchun yaratib berilgan barcha sharoitlar tufaylidir, – deydi Sayiljoy akademik litseyi o‘quvchisi Humoyun Norbekov. – Xalqaro olimpiadada qo‘lga kiritilgan oltin medal yoshlarga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rliklarga javoban mamlakatimiz mustaqilligininng 30 yillik to‘yiga to‘yona bo‘lsin.
A.Qayumov, O‘zA