Jizzaxda yosh chegarachilar qasamyod qabul qildi
Jizzaxdagi “N” harbiy qismida mamlakatimiz sarhadlari dahlsizligini ta’minlashga kirishish ostonasida turgan yurtimizning mard va jasur o‘g‘lonlari qurollarini ko‘ksiga mahkam bosganicha yigitlik sha’ni va or-nomusini o‘rtaga qo‘yib, qasamyod qabul qildi.
DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli ushbu harbiy qismda tashkil etilgan tantanali tadbirda so‘z olganlar yuz-ko‘zlarida o‘ziga ishonch, qalblarida cheksiz g‘urur balqib turgan askarlarning zimmasiga olgan mas’uliyati naqadar ulug‘vorligini e’tirof etib, muddatli harbiy xizmatga qabul qilingan yigitlarning chegaralarimizni qo‘riqlash yo‘lidagi sharafli vazifalariga omad tilashdi.
Tantanali marosimda harbiy qism qo‘mondonligi, faxriylar, askarlarning ota-onalari, yaqinlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
– Bugun biz yigitlik burchimizni boshlash arafasida Vatanimiz, xalqimiz va Prezidentimizga sodiq xizmat qilishga, yurtimiz chegaralari daxlsizligini saqlashga, mamlakatimiz tinchligini asrash yo‘lida kerak bo‘lsa jonimizni qurbon qilishga ham tayyor ekanimizni ta’kidlab, qasamyod qildik va endi zimmamizga yanada ulkan mas’uliyat yuklandi, – deydi oddiy askar Samandar Xudoyberdiyev. – Avvalambor, men DXX Chegara qo‘shinlari safida xizmat qilayotganimdan faxrlanaman. Chunki Chegara qo‘shinlari davlat himoyasining oldingi qatorida turadi. Xalqimizni ishontirib ayta olamanki, men ham, safdoshlarim ham qasamyodimizga sodiq qolib, jonajon yurtimizning sarhadlarini ishonchli qo‘riqlashga va’da beramiz.
Orkestr sadolari jo‘rligidagi tantanali paraddan so‘ng, qasamyod qabul qilgan yigitlarga DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
Tadbirda chegarachilarning to‘rt oyoqli sadoqatli do‘stlari – xizmat itlari yordamida bajargan sahna ko‘rinishlari hamda harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi bo‘yicha jangovar chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
DXX Chegara qo‘shinlari ashula va raqs ansambli tomonidan ijro etilgan, Vatanni, mardlik va jasoratni, sevgi va muhabbatni tarannum etuvchi dilbar qo‘shiqlar barchani raqsga chorlab, tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat bag‘ishladi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri