Jizzaxda yangi korxona ish boshladi
“Jizzax” maxsus industrial zonasida zamonaviy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Roison Home White Goods” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi ishga tushirildi.
“Jizzax” maxsus industrial zonasida zamonaviy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Roison Home White Goods” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi ishga tushirildi.Loyiha qiymati 26,6 million dollar bo‘lgan korxona yiliga 650 ming dona maishiy texnika vositalari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Jumladan, 100 ming muzlatgich, 50 ming konditsioner, 50 ming kir yuvish mashinasi, 100 ming gaz plitasi, 100 ming televizor, 50 ming changyutgich va 200 ming mikroto‘lqinli pech ishlab chiqariladi.
Ayni paytda korxonaning 15,3 million dollarlik birinchi bosqichi ishga tushirildi. Birinchi bosqichda 6 turdagi 325 ming dona maishiy texnika vositalari ishlab chiqarish mo‘ljallangan bo‘lib, 200 yangi ish o‘rni yaratildi.
– Bu yerda mashhur “Roison”, “Candy”, “Hoover” brendlari ostida muzlatgich, konditsioner va kir yuvish mashinalari ishlab chiqariladi, – deydi korxona rahbari Mirakmal Hidoyatov. – Kelgusida mahsulotlarni MDH mamlakatlariga eksport qilish mo‘ljallanmoqda. Korxonaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi bilan ish o‘rinlari 340 taga yetadi.
Joriy yilda “Jizzax” maxsus industrial zonasida 8 sanoat korxonasi o‘z faoliyatini boshladi. Yil yakuniga qadar yana uchta korxona ishga tushirilishi rejalashtirilgan.