Jizzaxda viloyat sudlari bog‘i barpo etildi
Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Jizzax viloyati sudlari xodimlari ham faol ishtirok etmoqda.
Sharof Rashidov tumani “So‘loqli” MFY hududida joylashgan 3 gektar yer maydoniga 4 ming tupga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekilib, ushbu yangidan barpo etilgan boqqa “Jizzax viloyat sudlari bog‘i” deb nom berildi.
Dastlab yetuk bog‘bonlar tomonidan ko‘chat ekish tartibi batafsil tushuntirilib, ko‘chat ekishga moslab yer tayyorlandi, har bir tup ko‘chatga suv yetib borishi uchun zarur ishlar amalga oshirildi. Shundan so‘ng, viloyat sudyalari va sud xodimlari ko‘chat o‘tqazishga kirishdi.
– Bu kabi bog‘larning barpo etilishi butun dunyoda iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish va suv taqchilligi shiddat bilan kechayotgan bugungi kunda ekologik muhit barqarorligini ta’minlash, ona tabiatni asrab-avaylash, yashil hududlarni kengaytirish borasida yurtimizda olib borilayotgan xayrli ishlarga viloyat sud tizimi vakillarining ham kichik bir hissasidir, – dedi Jizzax viloyat sudi raisi Akram Shukurov. – Zotan, barpo etilayotgan yashil maydonlarning mamlakatimiz ekologiyasi va xalqimiz salomatligidagi ahamiyati beqiyos bo‘lib, bugun ezgu niyatlar bilan qadalgan nihollar jonajon O‘zbekistonimizning, har birimizning ortimizdan unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodning manfaatlari uchun xizmat qiladi.
[gallery-20604]
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari