Jizzaxda shudgorlash ishlari nega kech qolmoqda?
Dono xalqimizning, dehqon bo‘lsang shudgor qil, shudgorlash kuzda deb bil, degan ajoyib naqli bor. Chunki kuzgi shudgor – qishloq xo‘jaligi sohasida muhim o‘rin tutuvchi agrotexnik tadbirlardan biridir. Bu ishlar noyabr oyida o‘tkazilganda yuqori samara beradi.
Mutaxassislar ta’biri bilan aytganda, bu muddatda haydalgan yer – sug‘orma dehqonchilik uchun muhim bo‘lgan tuprokdagi nam zaxirasini yaxshi saqlash imkonini beradi. Qolaversa, kuzgi shudgorda tuproq yaxshi uvalanadi, kesak ko‘chmaydi, dala sathi tekis chiqadi. Sug‘oriladigan maydonlarda shudgorlashdan oldin yer haydashga tayyorlanib olinadi, ya’ni mavsumiy sug‘orish shoxobchalari tekislanadi, ekin poya va qoldiqlari yig‘ib olinadi, yerga organik o‘g‘itlarning to‘liq yillik miqdori va fosforli o‘g‘itlarning 70 foizi solinadi. Tuproq namligi maksimal dala nam sig‘imiga nisbatan 40-60 foizi bo‘lgandagina yer sifatli haydaladi va uning chuqurligi 40 santimetr bo‘lishi lozim.
Qayd etish joiz, shudgorlash ishlarini sifatli o‘tkazish va mazkur agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda yakunlash borasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan tizimli monitoring ishlari olib borilmoqda.
[gallery-9736]
– Joriy yildagi o‘rganishlarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha jami 129 ming 480 gektar maydonni kuzgi shudgordan chiqarish rejalashtirilgan, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyati boshqarmasi katta inspektori Sanjar Mirzakarimov. – bugungi kunga qadar 63 ming 359 gektar yerda shudgorlash ishlari amalga oshirildi. Buning uchun 388 ta yuqori unumli haydov traktorlari jalb etildi. Bu borada inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan 730 ta fermer xo‘jaligi va klasterlarning 37 ming 359 gektar yer maydonlarida nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Dekabr, ya’ni qish fasli kirib kelishiga 1 hafta ham qolmadi. Ammo, bu ketishda shudgorlash ishlari Jizzax viloyatida 1 dekabrda ham poyoniga yetmaydi. Nazorat tadbirlari davomida shudgor ishlari muddatida bajarilmay, paysalga solingani, sifatsiz yoki to‘liq kontur hosil qilmasdan shudgor qilingani, sayoz, yoxud shudgorlangan-u, ammo sertifikat asosida qabul qilinmagan, yoqilg‘i yetkazib berishdagi xato va kamchiliklar aniqlandi. Holatlar yuzasidan 730 nafar fermer xo‘jaliklari rahbarlari rasman ogohlantirilgan. Bundan tashqari, mahalliy hokimliklarga 6 ta taqdimnoma kiritilgan.
Xulosa o‘rnida ushbu agrotexnik tadbirlarga jiddiy mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi. Axir, xalqimizning “Yer haydasang, kuz hayda – kuz haydamasang, yuz hayda”, degan maqoli bejizga aytilmagan. Zero, kuzgi shudgor – hosildorlik garovidir.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA