Jizzaxda ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi ochildi
Jizzax shahrida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur maktab nima maqsadda tashkil etildi va o‘quvchi-yoshlarga nima beradi?
Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatida yoshlarning iqtidori va salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirishga qaratilgan uzluksiz tizim yaratish uchun yurtimizda kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilab berilgan edi.

Viloyat markazidagi 8-umumta’lim maktabi negizida informatsiya va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasining tashkil etilishi davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan ushbu vazifaning amaldagi ijrosi bo‘ldi.
Maktabning ochilish marosimida Jizzax viloyat hokimi E.Soliyev, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Q.Yuldashev, Xalq ta’lim vazir o‘rinbosari R.Karimjonov, ota-onalar, shahar jamoatchiligi vakillari qatnashdi.
Ishtirokchilar maktabning informatika va robototexnika, kibersport, matematika, ingliz tili xonalarida, raqamli kutubxona va konferensiya zallarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Maktabning barcha sinfxonalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanib, o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun qulay barcha qulayliklar yaratilgan.

Tadbir qatnashchilari ushbu ta’lim muassasasining tashkil etilishi mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama chuqur va mustahkam bilim olishlari, ayniqsa, aniq va tabiiy fanlarni puxta egallashlari uchun qilinayotgan g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi ekanligi e’tirof etishdi.
T.Beknazarov, O‘zA