Jizzaxda IT Park filiali ish boshladi
Jizzaxda IT Park mintaqaviy filialining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu rejalashtirilgan 14 ta filialning to‘rtinchisi bo‘lib, avvalroq uchtasi Guliston, Marg‘ilon va Andijonda ochilgan edi.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlari kabi O‘zbekistonda ham raqamli iqtisodiyotga o‘tish jadal suratlarda davom etmoqda. Jumladan, 2020 yil Prezidentimiz tomonidan “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinishi va raqamli iqtisodiyotga o‘tish O‘zbekistonning keyingi 5 yildagi ustuvor vazifalaridan bir etib belgilangan.
Shu maqsadda 2019 yilda Toshkent shahrida IT Park tashkil etilib, davlatimiz rahbarining tegishli topshiriqlariga asosan hozirgi kunda viloyat markazlarida ham uning filiallarini barpo etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Jizzax viloyatida barpo etilgan filial mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shu katta ishning bir qismidir.
Filialning ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Bahromjon Olmatov, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov, Xindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabat va IT Rark direktorining o‘rinbosari Bahodir Ayupov, shahar, tuman hokimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar IT Park Jizzax filialini ishga tushirilishi viloyatda raqamli iqtisodiyotni keng rivojlantirish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularga shart-sharoitlar yaratib berish, aholining, ayniqsa yoshlarning raqamli texnologiyalar sohasida bilimlarini oshirishda juda muhim ahamiyatga ega bo‘lganligi ta’kidlandi.
– Xindistonning taraqqiyotida IT Parklar muhim o‘rin tutadi, – deydi Hindistonning O‘zbekistondagi Favulodda va muxtor elchisi Manish Prabat. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xindiston Respublikasiga tashrifi davomida davlatlarimiz o‘rtasida IT sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar natijasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shu hamkorlik samarasi bo‘lgan IT Park dasturiy ta’minotlar ishlab chiqarishni ilg‘or tajribalar asosida kengaytirishga, startaplarni jadallashtirishga, yoshlarning yangi g‘oyalarini, loyihalarini hayotga tadbiq qilishga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatda barcha sohalarni rivojlantirishning muhim omilidir.
IT Park filiali Jizzax shahri ma’muriy markazida yaqinda qayta ta’mirlangan olti qavatli binoning ikkinchi qavatida joylashgan. Filial 24/7 rejimda faoliyat yuritib, u yerda chet ellik sheriklar va turli kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatiladi.
IT Park Jizzax filialidan kovorking markazi,
20 o‘rinli konferensiya zal, 14 o‘rinli 2 ta muzokaralar xonasi, startap xonalari va IT Park rezidentlari va filial xodimlari uchun ofislar hamda kafe joy olgan. Shuningdek, filial qoshida “Raqamli texnologiyalar” o‘quv markazi tashkil etilib, 45 nafar tinglovchiga mo‘ljallangan 3 ta zamonaviy o‘quv xonasi tashkil etilib, yil mobaynida to‘liq quvvatda 500 ta tinglovchini o‘qitish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Markazda kompyuter savodxonligi, dasturlash, WYeB dizayn, grafik dizayn, mobil robototexnika, kibersport turlari, ingliz tili va boshqa o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilayotir. O‘quv xonalari va kibersport sinflari kompyuter to‘plamlari bilan ta’minlangan.
IT Park Jizzax filiali tashkil etilishi viloyatda raqamli iqtisodiyotni, tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni eksport qilish hajmini oshirishga hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida bilimli yoshlarning ko‘payishiga xizmat qiladi.




T. BEKNAZAROV, J. YORBEKOV(surat), O‘zA