Jizzaxda harbiy vatanparvarlik tadbirlari
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida ham O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan e’lon qilingan “Harbiy vatanparvarlik oyligi” doirasida “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri” shiori ostida ko‘plab tadbir va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, “Forish tog‘ o‘quv harbiy poligoni”dagi “N” harbiy qism harbiy xizmatchilari Forish tumanidagi “Uchquloch” mahalla fuqarolar yig‘inidagi o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashdi.
Harbiy xizmatchilar yoshlarga mamlakatimiz Qurolli Kuchlari salohiyati, harbiylar hayoti va ularga yaratilgan shart-sharoitlar haqida atroflicha so‘zlab berdi.
Tadbir davomida o‘quvchi-yoshlarga armiyamizda foydalanilayotgan harbiy qurol-aslahalar hamda ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Jizzax garnizonidagi “N” harbiy qismida ham O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni oldidan qiziqarli tadbirlar uyushtirildi.
[gallery-21151]
Dastlab “Iftixorimsan, jonajon Vatanim” mavzusida musavvirlar tanlovi tashkil etilgan bo‘lsa, harbiy xizmatchilarning intelektual salohiyatini oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan “Zakovat” intelektual o‘yini barchaning e’tiborida bo‘ldi.
Tanlov hamda intelektual o‘yin g‘olib va sovrindorlari diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari