Jizzaxda 6 yarim mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi
Jizzax shahar hokimligi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda 2025 yilning birinchi choragida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, birinchi chorakda Jizzax shahrida 6 yarim mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan karrasiga ko‘pdir. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmi ham 3 barobarga oshgan. Bir necha vaqtdan beri realizatsiya qilinmagan 14 ta ob’ekt narxi pasaytirilib, 4 tasi sotildi. Bu tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida 11 ta mahalladagi 803 gektar maydonda qurilish bo‘yicha master reja qabul qilindi va bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Bir vaqtning o‘zida ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash jarayoni ham ketmoqda. Shuningdek, Islom Karimov nomidagi ko‘chani gastronomik ko‘chaga aylantirish loyihasi ishga tushirilishi ma’lum qilindi.
Talabalar uchun turar joylar soni ortib borayotgani ta’kidlandi. Ayni paytda Yoshlik, Zargarlik va Obod mahallalarida jami 1 ming 300 o‘rinli talabalar turar joyi mavjud. Qozon va Sambraham universitetlari yaqinida 600 o‘rinli, Bog‘ishamol mahallasida ham yana shuncha o‘rinli turar joy qurilishi rejalashtirilgan.
[gallery-23088]
Jamoat transporti sohasida ham muhim o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida shaharga 60 ta yangi avtobus olib kelindi va ularda plastik karta orqali to‘lov tizimi joriy etildi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA