Jizzaxda 541 ta baliq noqonuniy ovlangan
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bo‘limi davlat inspektorlari hamda Jizzax viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd davomida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, Arnasoy bo‘limi hududida Toshkent viloyati, Chinoz tumani “Oqoltin” MFYda yashovchi fuqaro T. B. tomonidan noqonuniy baliq ovlangani aniqlandi. T. B. boshqaruvidagi avtotransport vositasida ovlash taqiqlangan kichik o‘lchamdagi jami 541 ta (113,5 kg) oqsila (sudak) baliqlari topildi.

O‘rganish natijasida hayvonot dunyosiga jami 178 million 530 ming so‘m miqdorida zarar keltirilgani aniqlandi. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.
O‘zA