Jizzax vohasi uzra bayram tantanalari
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!” shiori ostida o‘tayotgan Jizzax viloyati bayram tadbirlarining asosiy tantanalari shahardagi “O‘rda” istirohat ekologik bog‘ida bo‘lib o‘tdi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlaridan taklif etilgan nuroniylar, mehnat faxriylari, davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan jizzaxlik fidoiy insonlar, xorijlik mehmonlar, davlat, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, harbiylar, olov qalbli o‘quvchi, talaba va yoshlar ishtirokida o‘tgan bayram tadbirida Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev Jizzax ahlini mamlakatimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekiston davlati sifatida mamlakatimizda ulkan ijobiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda, xususan, Jizzaxda so‘nggi yillarda erishilayotgan yutuqlarda viloyatimiz ahlining ham munosib hissasi boriligini alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim, – dedi Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev o‘z nutqida.
[gallery-19065]
O‘tgan 7 yilda viloyat iqtisodiyoti 3,1 barobarga o‘sdi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 8 million 200 ming so‘mdan 25 million so‘mga yetkazildi. O‘rtacha oylik ish haqqi 1 million 500 ming so‘mdan 2,6 barobarga ortib 3 million 800 ming so‘mni tashkil qilmoqda.
Sanoatni rivojlantirish, viloyatni agrar hududdan sanoat hududiga aylantirish borasida so‘nggi yillarda ulkan ishlar amalga oshirildi. Viloyatda bundan 7 yil avval sanoat korxonalari tomonidan 341 turdagi sanoat mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugun ularning soni 3 barobar ortib, 1100 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha korxonalar soni 6 tadan 48 taga, loyihalar soni 16 tadan 78 taga, ishlab chiqarish hajmi esa 11 milliard so‘mdan 12 trillion 600 milliard so‘mga oshdi.
Jizzax erkin iqtisodiy zonasida “ADM Jizzax” yengil avtomobilsozlik zavodi o‘z faoliyatini boshladi. Loyiha doirasida 234 million AQSH dollari miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilib, o‘tgan uch yilda “Lada”, “KIA”, “Chery” hamda “Haval” brendlari ostida 23 turdagi 36 mingta avtomobil ishlab chiqarildi. 2024−2027 yillarda 348 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirish rejalashtirilgan. Ayni paytda O‘zbekistondagi 21 ta korxona bilan kooperatsiya tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 25 yanvar kuni Prezidentimiz Xitoy Xalq Respublikasining Shenchjen shahrida “BYD” kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, Jizzax viloyatida elektromobillar ishlab chiqarishga start bergan edi.
Qiymati 160 million AQSH dollarlik ushbu loyihaning birinchi bosqichida dastlab, yiliga 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillari ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ikkinchi bosqichda esa qiymati 300 million dollarlik loyiha hisobiga elektromobillar sonini yiliga 200 ming donaga, 500 million dollarlik uchinchi bosqichda esa 500 ming donagacha yetkazish ko‘zda tutilgan.
Aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali ularning bandligini ta’minlash va daromad manbalarini ko‘paytirish borasida yangicha, “mahalla yettiligi” tizimi joriy qilindi. “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 2022-2024 yillar davomida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan jami 70 ming 795 nafar fuqaroga 1 trillion 300 milliard so‘m kredit mablag‘lari va 7793 nafar fuqaroga oxirgi ikki yilda jami 32 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Viloyatda uy-joy ta’minotini yaxshilash borasida jami 13 ming 871 ta, shundan 2528 ta yakka tartibdagi hamda 357 ta ko‘p qavatli uylarda 11 ming 343 ta xonadon qurilib, foydalanishga topshirildi.
Yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish, shahar va tumanlar markazlarini obodonlashtirish maqsadida 1 trillion 700 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, jami 5482 kilometrdan ortiq yo‘llar yoki viloyat bo‘yicha jami avtomobil yo‘llarining 58 foizida hamda 91 ta ko‘prikda rekonstruksiya, to‘la ta’mirlash va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Viloyat aholisini toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida Davlat byudjetidan 2 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 2654 kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmoqlari hamda 364 ta suv inshooti qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.
Tibbiyotda ham keskin ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Bugungi kunga kelib, viloyatdagi tibbiyot muassasalari soni jami 175 taga ko‘payib, 400 taga yetdi. 2017-2023 yillarda tibbiyot muassasalarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash uchun Davlat byudjetidan jami 765 milliard 700 million so‘m yo‘naltirildi. Buning hisobiga 36 ta tibbiyot muassasalari yangidan qurildi, 156 ta tibbiyot muassasalari rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, 133 tasi kapital ta’mirdan chiqarildi.
Turizm infratuzilmasini yaxshilash natijasida viloyatga tashrif buyurayotganlar soni kundan kunga ko‘payib bormoqda. Jumladan, ikki yil oldin, 2022 yilda viloyatimizga bor yo‘g‘i 13 ming nafar xorijiy sayyohlar tashrifi kuzatilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davri davomida 298 ming nafar xorijiy turistlar tashrif buyurdi.
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirilib, so‘nggi uch yilda 68,5 ming gektar, joriy yilda 12 ming gektar yer o‘zlashtirildi. Joriy yil hosili uchun 101 ming gektar suvli maydonda va 100 ming gektar lalmi yerlarda boshoqli don ekinlari parvarish qilinib, jami 1 million tonna don o‘rib, yanchib olindi.
– Biz bugun tarixiy yangilanish davrda yashamoqdamiz. Bunday ulug‘vor o‘zgarishlarga nafaqat guvohmiz, balki ularning ishtirokchisi ekanligimiz har birimizga g‘urur, iftixor tuyg‘ularini baxsh etadi. Asrlar o‘tsa ham, xalqimizga o‘zligini anglash, insoniy sha’ni, qadr-qimmati, o‘z Vatanini sevish, ardoqlash imkonini bergan, tilimiz, muqaddas dinimizni va tariximizni qaytargan, taraqqiyotga da’vat etgan Mustaqillik – tariximiz sahifalariga zarhal harflar bilan yozilishiga ishonaman, – dedi Ergash Saliyev.
Viloyat hokimining tabrigidan so‘ng, tadbirning badiiy qismida bolajonlar, badiiy jamoalar, milliy-madaniy markazlar vakillari, taniqli san’atkorlar, estrada xonandalari tomonidan ijro etilgan raqs, kuy va qo‘shiqlar barchaga xush va bayramona kayfiyat ulashdi. Harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari olqishlar bilan qarshi olindi.
Bayram tadbirlari viloyatning barcha shahar, tuman, qishloq va mahallarida qizg‘in davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.