Jizzax viloyatida mahallabay tizimi amalda
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov aholi muammolariga yechim topish maqsadida mahallabay tizimi asosida fuqarolar va mas’ullar bilan uchrashmoqda.
Jumladan, 3-sektor rahbari Forish tumani “Oqtom” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritayotgan “Buyuk javohir timsoli” fermer xo‘jaligida bo‘ldi. Fermer bilan suhbatlashib, uning dardu tashvishlarini tingladi, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.


“Buyuk javohir timsoli” fermer xo‘jaligi 450 gektar yer maydoniga ega. O‘tgan 2022 yilda ana shu yer maydonining 45 gektariga intensiv usulda tokzor bunyod etdi va oqtomliklarning 10 nafarini doimiy, 200 nafarini mavsumiy ish bilan band etdi. Ushbu intensiv bog‘dagi tok ko‘chatlari o‘tgan yilning o‘zida nishona berib boshlagan bo‘lsa, bu yildan hosilga kirishi kutilmoqda.
Fermer xo‘jalikda har bir qarich yerdan unumli foydalanilmoqda. Xususan, 70 gektar maydonda bodom, 2 gektarda mevali bog‘, 60 gektar yerda ertaki piyoz parvarishlanayotir. Fermer ushbu mahsulotlarning bir qismini ichki bozorga, qolgan qismini eksport qilish niyatida. Ayni paytda, bog‘dorchilikdagi yumushlar ko‘payib, bu yerda doimiy mehnat qilish uchun 20 kishi talab etilmoqda.
Bulardan tashqari, ushbu ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaligi hisobida 600 boshdan ortiq qo‘y va echki ham mavjud. Ularni parvarishlash uchun 3 nafar fuqaro biriktirilib, doimiy ish bilan ta’minlangan. Chorva mollari uchun 15 gektar beda va 15 gektar g‘alla parvarish qilinayotir.
Aholi bandligini ta’minlash maqsadida, fermer xo‘jaligi bog‘ida mehnat qilayotgan mavsumiy ishchilardan tashqari, 120 gektar yer oilalarga 1 yillik ijaraga berildi. Bu yerga 25 oila ish bilan ta’minlandi.
– Fermer xo‘jaligimizda yetishtirilayotgan mahsulotlarni qayta ishlab, qadoqlab, xorijiy davlatlarga eksport qilish niyatimiz bor, – deydi “Buyuk javohir timsoli” ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Kamol Xolmatov. – Yaqinda O‘zbekiston Respublika Bog‘dorchilik agentligi rahbari Husniddin Karimov dalamizga keldi. U kishi bilan xo‘jaligimizda “Agrologistika” markazini tashkil etish masalasida suhbatlashdik. Markazning umumiy loyiha qiymati 38 milliard so‘mni tashkil etib, unda 500 tonnalik maxsus sovutgichli omborxona, uzum va boshqa ho‘l mevalarni quritish, tozalash, qadoqlash sexlari barpo etiladi, mahsulotlarni tashish uchun 3-4 dona fura avtotransport vositasi, zarur qishloq xo‘jaligi texnikalarini olish talab etiladi. Ushbu “Agrologistika” markazi to‘liq ishga tushgach, yana qo‘shimcha 50 kishi doimiy va daromadli ish o‘rniga ega bo‘ladi. Maqsadimiz band bo‘lmagan yurtdoshlarimizni ish bilan ta’minlash, ularning oilaviy byudjetiga doimiy daromad kelib turadigan manba yaratib, kambag‘allik darajasidan chiqishiga ko‘maklashishdan iborat.


Jizzax viloyati IIB boshlig‘i “Buyuk javohir timsoli” fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berib, uning tajribasini ommalashtirish lozimligini alohida ta’kidladi. 3-sektor rahbari, general-mayor G‘ayrat Qodirov ishni mahallabay tizimida tashkil etib, rahbarligidagi hududni o‘rganishda, MFY, QFY raislari, hokim yordamchilari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mutasaddi vakillar va oddiy fuqarolar bilan uchrashib, ularning dardu tashvishlarini, muammolarini tinglab, ular tomonidan ko‘tarilgan masalalarni imkon qadar joyida bartaraf etish kabi ezgu ishlarni olib borishda davom etmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA