Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zarbdor tumani hokimi Bekzod Tashpo‘latov va sektorlar rahbarlari tuman markazida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar bilan uchrashib, bugungi kunda ularni qiynayotgan muammo, kamchilik va takliflarini tingladi.
Tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaatlar qayd etilib, dolzarb bo‘lgan muammolarga ijobiy yechim topish maqsadida soha mutaxassislariga aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi va ijrosi hokim nazoratida bo‘lishi ta’kidladi.
[gallery-21457]
Shundan so‘ng tuman hokimi Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasida tadbirkorlik ob’ektlariga kuzatuv kameralarini o‘rnatish borasida tavsiyalarini bildirdi.
***
Do‘stlik tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekishda belgilangan talab va me’yorga amal qilinishi natijasida ekilgan ko‘chatlar deyarli to‘lig‘icha unib- o‘sib turibdi.
Erta bahorgi ko‘chat ekish mavsumida tuman mehnatkashlari odatdagidek ko‘chatlarni bo‘sh hududlar: dala, yo‘l chetlari, korxona, tashkilot va muassasalar hovlilariga ekishni rejalashtirgan.
Joriy yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqdisodiyot yili” munosabati bilan tumandagi “Qahramon”MFY “mahalla yettiligi” hamda “Qahramon mahalla servis kompaniyasi” tomonidan sifatli va arzon ko‘chatlar savdo yarmarkasi tashkil etilganini ham alohida ta’kidlash joiz.
Yarmarkada cho‘l sharoitiga mos unuvchan mevali va manzarali ko‘chatlar xaridorlarga taklif etildi. E’tiborlisi, bunday sifatli, arzon ko‘chatlar savdo yarmarkasi tumanning barcha mahallalarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
***
2024 yilning 13 dekabrida Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlar markazlarida va aholi gavjum joylarda nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdo yarmarkalarini tashkil etish vazifasi belgilangan edi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sharof Rashidov tumanidagi 6-sonli o‘rta maktabda Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat boshqarmasi, Ijtimoiy agentlik Sharof Rashidov tuman hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etgan yarmarkada nogironligi bor tadbirkorlar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Mazkur savdo yarmarkasini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ham ruhan, ham ma’nan, ham moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda tegishli mehnat sharoitlari va o‘z navbatida ularning daromad manbalari mutanosib ravishda oshib borayotganini keng xalq ommasiga yetkazishdan iboratdir.
***
Milliy gvardiya Jizzax viloyati boshqarmasi va chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida Baxmal tumani umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Vatan ostonadan boshlanadi” mavzusida vatanparvarlik va sport musobaqalari o‘tkazildi.
Mazkur musobaqada o‘quvchi- yoshlar o‘rtasida sportning stol tennisi, arqon tortish va armrestling bellashuvlari o‘tkazilib, o‘quv qurollarining texnik-taktik xarakteristikasi bo‘yicha tushuncha va ma’lumotlar berildi.
Shungdek, tadbir jarayonida Milliy gvardiya boshqarmasi va chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan o‘quvchilarga ko‘rgazmali chiqishlar, xizmat itlaridan foydalanish mashg‘ulotlari amalda ko‘rsatib berildi. Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga homiylarning esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Forish tuman IIBda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muvofiqlashtiruvchi kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda 2024 yil davomida tumanda jinoyatchilikning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar ijrosi, bu borada amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va mavjud muammolar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Shu bilan birga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar alohida ta’kidlab o‘tilib, mas’ullarning hisobotlari tinglandi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri