Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati prokurori B.Ibrohimov Sharof Rashidov tumanidagi suv tozalash inshootida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida bunyod etilayotgan oqova suv tozalash inshootida ishlar loyiha asosida olib borilmoqda. Kunlik quvvati 30 ming metr kub bo‘lgan oqova suv tozalash inshooti qurilish ishlari to‘liq yakunlanishi natijasida Jizzax shahrining 77 ming 200 nafar aholisiga markazlashgan kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu shaharning sanitar-epidemiologik holatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.


***
“Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida adliya organlari xodimlari tomonidan Zarbdor tumanida faoliyat yurituvchi xotin-qizlar faollari uchun seminar tashkil etildi. Mazkur seminarda xotin-qizlar faollarining sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar, ularning asosiy vazifa va funksiyalari tushuntirildi. Mahallalarda ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish borasida fikr almashildi.
Tadbir davomida faoliyat sohasiga oid hujjat namunalari va 25 turdagi metodik qo‘llanmalar tarqatildi.

***
Joriy yilning 15 noyabridan 15 dekabrigacha yurtimizda e’lon qilingan “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida Zomin tumani FVB xodimlari tomonidan hududdagi barcha korxona, tashkilot va muassasalar hamda aholi yashash xonadonlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, aholi xonadonlari va ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan tadbirlarda isitish mavsumi davomida yong‘inlar, gaz va havo aralashmasining chaqnashi, fuqarolarning tabiiy va is gazidan zaharlanishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni oldini olish bo‘yicha fuqarolarga yo‘riqnoma va tavsiyalar berildi. Shuningdek, ko‘p qavatli uylar, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarining kirish joylariga gaz va elektr jihozlaridan foydalanish qoidalarini aks ettiruvchi eslatma va bannerlar o‘rnatildi.


***
Prezidentning Forish tumanidagi Xalq qabulxonasi hamda tuman adliya bo‘limi xodimlari hamkorligida “Uchquloch” MFYda xonadonma-xonadon yurish orqali aholi muammolari o‘rganildi. Fuqarolardan yigirmaga yaqin murojaatlar qabul qilindi va platformaga kiritildi.
Tadbir davomida aholiga mamlakatimizda yangi qabul qilinayotgan qonunlar, qonunlarga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar, Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlar mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berilib, aholiga bepul huquqiy maslahat va yordam ko‘rsatildi.


***
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari hamda hududiy ichki ishlar bo‘limlari xodimlari o‘rtasida sportning mini-futbol turi bo‘yicha turnir tashkil etildi.
Ikki kun davom etgan mazkur musobaqa murosasiz bahslar ostida kechdi. Yakunda Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi va Arnasoy tumani ichki ishlar bo‘limi jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni band etdi.
G‘olib va sovrindorlarga viloyat IIBning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.


A.QAYUMOV, O‘zA