Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax politexnika instituti qoshidagi akademik litseyda Favqulodda vaziyatlar, Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyat boshqarmalari hamkorligida volontyor guruhlarining a’zolari bilan o‘quv-seminar tashkil etildi.
Volontyorlarga o‘quv dasturi bo‘yicha belgilangan mavzular yuzasidan favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish, odamlar hayotini asrab qolish, birinchi yordam ko‘rsatish va zilzila bilan bog‘liq vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy hamda nazariy bilimlar berildi.
[gallery-19515]
Shuningdek, qutqaruvchilar tomonidan insonlarni qutqarishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlar ko‘rgazmali tarzda namoyish etib berildi.
***
“Gender tenglik faoli” milliy tanlovining Zafarobod tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad har bir tashkilotda gender tenglikni ta’minlash, tashkilotlar faoliyatiga gender yondashuvlarni joriy etish, bu masalalarga jamoatchilik e’tiborini jalb etish, gender tenglikni ta’minlash sohasida tashkilotlarning ilg‘or tajribasini aniqlash, umumlashtirish va targ‘ib qilish, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdir.
Tanlovda bir qancha tashkilot va korxonalardan xotin-qizlar qatnashib, tuman bosqichida faol ishtirok etganliklari uchun tuman hokimligining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Jizzax viloyati IIB JXX JTSB PPXB hamda viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari hamkorligida G‘allaorol tumanida tabiiy hududlar rejimiga rioya etilishi, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash va to‘plangan chiqindilarning o‘z vaqtida olib chiqilishiga qaratilgan nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Ekoreyd davomida belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash va xazonlarni yoqib yuborishga oid huquqbuzarlik yuzasidan fuqarolarga tushuntirishlar berildi. Reyd davomida huquqbuzarlik sodir etgan 5 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
***
Prezidentimizning joriy yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Forish tumani hokimligi majlislar zalida Jizzax viloyat hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Abdivali Mustanov, Jizzax viloyat prokurorining o‘rinbosari Alisher Mirzayevlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda mazkur jarayonda kambag‘al oilalarning mavjud muammolariga e’tibor qaratish, ularni kambag‘allikdan chiqarish, ishtiyoqi bor shaxslar o‘zini- o‘zi band qilishi va tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga, kasb-hunarga o‘qitish, bo‘sh ish o‘rinlari topib ishga joylashtirish, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga banklardan kredit olishda ko‘maklashish yuzasidan mas’ullarga topshiriq va yo‘l-yo‘riqlar berildi.
***
O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish vaziri maslahatchisi Qudratulla Odinayev Do‘stlik tumanida 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha hamda aholi bandligini ta’minlash maqsadida tashkil qilingan shtablar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Bir qator ijtimoiy ob’ektlarda bo‘lib, mavsumga tayyorgarlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqdi.Shtab a’zolariga mavsum oldidan aholi muammolarini o‘rganish, ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.
***
Kadastr agentligi Jizzax shahar bo‘limi hamda Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlarini bartaraf etish maqsadida yer nazorati tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlar chog‘ida Jizzax shahar “Shodlik” MFY hududida fuqarolar tomonidan yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, unda noqonuniy qurilishlar qilingani aniqlandi.
Holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan shahar bo‘limi inspektorlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri