Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zarbdor tumani adliya, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari va tuman IIB probatsiya guruhi hamkorligida “Ravot” MFYda joylashgan kasb-hunar maktabida “Bolalar va yoshlarning huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi doirasida yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni kasbga yo‘naltirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.


O‘tkazilgan mehnat yarmarkasida tuman tashkilotlaridagi 53 ta bo‘sh va kvota ish o‘rinlari e’lon qilindi. Mehnat yarmarkasida 14 nafar fuqaro ishga joylashtirildi va 4 nafar yosh kasb-hunarga qayta o‘qitishga yuborildi.
***
Baxmal tumani hokimi Aziz Ergashev sektor rahbarlari, mahallalar yettiligi va tumandagi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida navbatdagi ommaviy sayyor qabulini o‘tkazdi. Qabul davomida fuqarolar tomonidan ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti, moddiy yordam, ijtimoiy nafaqa, bandlik, sog‘liqni saqlash, uy-joy ta’miriga oid jami 40 ta murojaat tinglandi. Kelib tushgan murojaatlarning asosiysi joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar tegishliligi bo‘yicha mas’ullar tomonidan nazoratga olindi.


Tuman prokurori Sh.Abrayev ham “Oyqor” MFYda 2-sektor hududida yashovchi fuqarolarni qabul qildi. Qabulda 40 nafardan ziyod fuqarodan kelib tushgan murojaatlarning bir qismi joyida ijobiy hal etildi. Ko‘rib chiqish uchun muddat talab etiladigan murojaatlar bo‘yicha sektor shtabi va tegishli tashkilot mas’ul xodimlariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi hamda ijobiy hal qilish choralari belgilandi.
***
Zomin tumanida turizm sohasidagt investitsiya loyihalari monitoringi olib borilmoqda.


Jizzax viloyati turizm boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan Zomin tumani, Suffa platosida tashkil etilayotgan turizm ob’ektlari – 2 ta ovqatlanish shoxobchasi, 300 va 600 o‘rinli restoranlar, amfiteatr, ikki yulduzli mehmonxona, shale tipidagi uylar va mehmonxona xodimlari uchun barcha qulaylikka ega bo‘lgan 120 o‘rinli 3 ta yotoqxona va keytering markazi, oshxona hamda zamonaviy barcha qulaylikka ega dam olish oromgohi tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarining monitoring ishlari amalga oshirildi. Bu boradagi yuzaga kelgan muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriq va tavsiyalar berildi.
***
Joriy yilda Arnasoy tumanida “Al Abbos silk” MCHJ klasteri tomonidan 1220 quti ipak qurtini yetishtirish uchun fermer va kasanachilar o‘rtasida shartnomalar imzolanib, jami 78 tonna pilla topshirish rejasi belgilangan. Mazkur rejaga muvofiq “Cho‘lquvar” MFYda fermer va kasanachilar yetishtirilgan pilla hosili terib olinmoqda.


Arnasoy tumani hokimi, 1-sektor rahbari Odil Musanov, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Boboqulov hamda Jizzax viloyati “Al Abbos silk” MCHJ klasteri rahbari Holisxon Boboyeva kasanachi pillakor Muhayyo Boqiyeva xonadonida bo‘lib, qimmatbaho sovg‘alar berdi.
***
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida “Sodir bo‘lgan yong‘inlarni bartaraf qilishda kuch va vositalarning harakatlari” mavzusida yong‘in o‘chirish amaliy taktik mashqi o‘tkazildi.
Unda tuman FVB, IIB, Milliy gvardiya, tez tibbiy yordam, hududiy gaz va elektr tarmoqlari korxonasida sodir bo‘lgan yong‘inlarda kuch va vositalarni yo‘naltirish harakatlari amalga oshirildi. O‘tkazilgan mashq davomida talabalarga yong‘in sodir bo‘lgan vaqtdagi harakatlar to‘g‘risida tushunchalar berildi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri