Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Jizzax politexnika institutining Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan tanishdi. Talaba- yoshlar bilan suhbat jarayonida ular yaratayotgan loyihalarni ko‘zdan kechirdi. Shu bilan birga, institutda amalga oshirilayotgan turli yo‘nalishdagi ishlar borasida o‘z taklif hamda mulohazalarini bildirdi.

***


Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida Jizzax viloyatining bir qator tumanlarida xavfsiz muhit yaratilganligi o‘rganildi. Jumladan, Sharof Rashidov, Baxmal, Do‘stlik, Zafarobod va boshqa tumanlardagi holat o‘rganilib, natijasi Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muvofiqlashtiruvchi Kengashi yig‘ilishida tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi va tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
***
“Yashil makon” umummilliy loyihasiga viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ham o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Loyiha doirasida bo‘sh turgan yer maydonlarida keng qamrovli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajarildi. Yer maydonlari tekislanib, shudgor qilinib, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirildi va mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning tuman(shahar) bo‘limlari tomonidan bunday tadbirlar barcha hududlarda amalga oshirilmoqda.
***
Jizzax shahar 2-sektor hududida otaliqqa olingan yoshlar bilan uchrashuvlar davom etmoqda.

Jizzax shahar prokurori M.Mamatov va boshqa mutasaddilar ishtirokida Jizzax davlat pedagogika universitetida ta’lim olayotgan otaliqqa olingan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda talaba- yoshlar bilan “Huquqiy bilimlar” mavzusida suhbat qurilib, ularni qiynayotgan muammolar o‘rganildi.

Shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha targ‘ibot ishlari ham amalga oshirildi. Uchrashuvda yoshlarning savollariga tegishlicha javoblar berildi va muammo hamda takliflar ijobiy hal etilishi ta’kidlandi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri