Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida ushbu nishonning 2023 yilgi g‘oliblari e’lon qilindi.
Joriy yil respublika miqyosida 504 ta loyiha ko‘rib chiqildi. Respublika maxsus komissiyasi a’zolari tomonidan har bir hududdan eng munosib 14 nafar nomzod “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni g‘olibi deb topildi. Ular orasida Jizzax politexnika instituti “Sanoat texnologiyalari” fakulteti dekani Ilhom Abbazov ham ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

***
Jizzax shahridagi 4P-38 Jizzax-Uchtepa avtomobil yo‘lining 33-kilometrida joylashgan yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda. Bunda pudratchi 67-ko‘prik qurilish otryadining 60 dan ziyod texnika va 180 ga yaqin ishchi-xodimlari mehnat qilmoqda. Ko‘prik ta’mirida bugunga qadar 135 ming metr kub tuproq ishlari, 98 tonna armatura to‘qish ishlari, 2325 metr kub beton quyish ishlari bajarilgan. Jami bajarilgan ishlar uchun 1milliard 300 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarf etildi. Ko‘prikning o‘tkazuvchanlik quvvati ikki karraga, eni 2 qatordan 4 qatorga kengaytiriladi.


***
“Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” shiori ostida G‘allaorol tumanining barcha qishloq va mahallalarida ko‘chat ekish ishlari boshlandi. Shu munosabat bilan tumandagi To‘ychi Xudoyorov SIU “Yonar Olmozor” fermer xo‘jaligida tokzor barpo etish bo‘yicha tuman fermerlari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida “Yonar Olmazor” fermer xo‘jaligining 2 gektar yer maydoniga tok ko‘chatlari ekildi. Tumandagi “Ko‘kgumbaz” MFY Qorong‘ul qishlog‘ida esa kuzgi ko‘chat ekishga kirishishdan avval “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida qurib bitkazilgan sun’iy qoplamali sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. Mahalla oqsoqollari, faollar hamda yoshlar ishtirokida yangidan bunyod etilgan sport maydonchasining ochilishi sport bayramiga aylandi.


***
Yangiobod tumanida kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya resurslari, xususan, tabiiy, suyultirilgan gaz va ko‘mir bilan barqaror ta’minlash va qorli-qirovli kunlarda salbiy holatlar sodir bo‘lishini oldini olish maqsadida zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, “Yangiobodtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan aholi orasida yong‘in va is gazidan zaharlanishni oldini olish borasida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida energiya manbalari bilan ta’minlanishi, isitish moslamalaridan to‘g‘ri foydalanish kabi holatlar o‘rganilib, tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berilmoqda.

***
Yaqinda Zomin tumanida ishga tushirilgan “Zomin aeroporti” hamda “Osma dor yo‘li” tumanga kelayotgan sayyohlar oqimi ortishiga hissa qo‘shdi. Ma’lumot uchun “Zomin aeroporti” 30 o‘ringa mo‘ljallangan yo‘lovchi terminali va barcha zarur kommunikatsiya jihozlari bilan ta’minlangan. Uzunligi 2102 metrdan iborat bo‘lgan “Osma dor yo‘li” mijozlarni tashish uchun zamonaviy dizayndagi 36 ta kabina xizmatga shay va soatiga 1200 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.


A.QAYUMOV, O‘zA.