Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov aholi muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish maqsadida G‘allaorol tumani “Karizquduq” QFY Muqri qishlog‘ida sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabulda murojaatlarning asosiy qismi joyida ijobiy yechim topdi. E’tiroziga sabab bo‘lgan holatlar chuqur tahlil qilingan holda, bartaraf etish choralari ko‘rildi hamda ularni hal etish choralari belgilab olindi va mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

***
Jizzax viloyati va Zomin tumani Nuroniy jamg‘armasi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish tuman bo‘limi tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonning yangi davr talablariga muvofiq Zomin tumani Nuroniylar jamoatchilik kengashi va mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi “Keksalar maslahati guruhi” va “Buvijonlar maktabi” kengashi faoliyatini yangicha ish uslublari asosida yanada samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatdagi barcha tuman “Nuroniylar” jamg‘armasi raislari, kengash a’zolari, fuqarolar yig‘inlari raislari va “Keksalar maslahati guruhi”, “Buvijonlar maktabi” tuzilmasi rahbarlari va hamkor tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

***
Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan Jizzax shahrida joylashgan avto ehtiyot qismlar bozorida "Favqulodda vaziyatlarda FVDT xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida maxsus-taktik o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
O‘quv mashqi davomida bozorda sodir bo‘lgan (shartli) yong‘inni bartaraf etish, insonlarni xavfsiz joyga evakuatsiya qilish hamda jabrlanganlarga birinchi tez-tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida tezkor xizmatlarning hamkorlikdagi harakatlari sinovdan o‘tkazildi.

***
Prezidentimizning 2023 yil 2 maydagi qaroriga asosan “Manzilli dastur” ga kiritilgan Arnasoy tumanidagi ob’ektlarda qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tumandagi “Cho‘lquvar” MFY hududida 5 kilometr uzunlikdagi ochiq kollektorni mexanizm yordamida tozalash ishlari amalga oshirilmoqda.
Endilikda yer sathida to‘planib qoladigan sizot suvlari ochiq kollektorlardan chiqib ketishi orqali yerning sho‘rlanish darajasini oldi olindi. Bu o‘z navbatida tomorqa yer egalari ekinlari rivojiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

***
Paxtakor tumani 4-sektor rahbari Umirboy Safarov sektor hududidagi mahalla beshligi faoliyati bilan yaqindan tanishib, vaziyatni o‘rganmoqda.
Jumladan, sektor hududidagi “G‘alaba” MFYda bo‘lib, mas’ullarning bajargan ishlari muhokama qilindi. “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilarga amaliy yordam va subsidiya ajratilishi, jinoyatchilik va ajrimlarning oldini olish hamda mahalladagi har bir xonadonni chuqur o‘rgangan holda ularning muammolarini hal etish choralarini ko‘rish, rahbariyatga takliflar berish borasida sektor rahbari tomonidan muhim topshiriq va tavsiyalar berildi.

***
Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshidagi Mirzacho‘l agrosanoat texnikumini 2022-2023 o‘quv yilida tamomlagan bitiruvchilarga diplomlar topshirildi.
Tadbirda texnikum direktori Sh.Mamatqulov bitiruvchilarni texnikumni bitirib, yakuniy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganliklari bilan tabrikladi. Shuningdek, o‘tkazilgan darslar ahamiyati, o‘quv mashg‘ulotlari yuqori saviyada tashkil etilganligi, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida, ta’lim jarayoni yanada takomillashtirilganligi, mashg‘ulotlar davomida amaliyotga katta e’tibor qaratilganligi ta’kidlandi.

A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA