Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax politexnika institutida “Texnologiyalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni amalga oshirish” mavzusida xorijlik ekspert S.Makarov hamda Oliy ta’lim vazirligi vakili N.Nazrullayevlar ishtirokida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Seminarda oliy ta’lim muassasasining 50 nafardan ortiq iqtidorli hamda startap loyihalarga qiziquvchi innovator talabalari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar ushbu tadbir oliygoh talabalari uchun ham, professor-o‘qituvchilar uchun ham har tomonlama foydali va manfaatli bo‘lganini ta’kidladi.

***
Yangiobod tumanidagi “Sarmich” mahalla fuqarolar yig‘inida tuman hokimligi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi”da turli sohalarda samarali faoliyat yuritgan mehnat faxriylari, ijodkorlar, nafaqadagi ustozlar, katta va o‘rta avlod vakillari o‘z hayotiy tajribalari, bosib o‘tgan ibratli umr yo‘llari haqida yoshlarga hikoya qilib berdi.
Uchrashuvda tuman hokimi Ibrohim Qarshiboyev hamda Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi mas’ul xodimi Habibulla Yunusovlar ishtirok etib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar xususidagi o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, buyuk ajdodlarga munosib bo‘lish, yurtimiz taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashash har bir yoshning muqaddas burchi ekanligi alohida ta’kidlandi.

***
Zomin tumanida Prezidentimizning joriy yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishga mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, xotin-qizlar faollari taklif etildi. Mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili, “Keksalar maslahati” guruhlari, “Buvijonlar maktabi” faoliyati samaradorligini oshirish, “Nuroniy har bir oilaga mas’ul” loyihasi asosida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

***
G‘allaorol tumanida yoshlar oyligi doirasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar sayli bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avallida tuman hokimi J.Oqboyev va tuman sektor rahbarlari yil davomida yoshlar bilan ishlashda samarali mehnat qilgan faollarga hamda tengdoshlari orasida fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot, sport va san’at sohalarida yutuqlarga erishgan bir guruh yoshlarga “Hokim e’tirofi” hamda “Tashakkurnoma”lari topshirildi.
Yoshlar sayli nihoyasidagi taniqli san’atkorlarning chiqishlari yoshlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

***
Forish tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi va tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda ushbu sohalarda va tumandagi boshqa korxona, tashkilot, muassasalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘rtasida 30 iyun – Yoshlar kuniga bag‘ishlab sportning voleybol turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.
Qizg‘in kurashlarga boy bo‘lgan musobaqada 70 nafardan ziyod xotin-qiz g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Musobaqa yakuniga ko‘ra 1-o‘rinni tuman tibbiyot birlashmasi jamoasiga, 2-o‘rini 3-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 3-o‘rinni 1-sonli umumta’lim maktabi jamoasi egalladi.
G‘olib va sovrindor jamoalarga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA