Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Baxmal tumanida mamlakatimiz bo‘ylab Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha joriy yilning 30 aprelida o‘tadigan umumxalq referendumi oldidan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori, professor Nodira Mustafayeva, respublika Ma’naviyat-ma’rifat markazi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Iqboloy Umarova, viloyat “Oqila ayollar” harakati rahbari Shoira Fozilova, Baxmal tumani mahallalar faollari hamda mahalla aholisi ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar mahalla aholisiga amaldagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish, qo‘shimcha va to‘ldirishlar haqida atroflicha tushunchalar berib, barchani umumxalq referendumida faol qatnashishga chaqirdi.
***
Zarbdor tumanida kunlik 50 MW quvvatga ega quyosh elektr stansyasini barpo etish bo‘yicha Janubiy Koreya Respublikasining “Samwon Millennia Co.” kompaniyasi bilan tuman hokimligi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Dastlabki kelishuvlarga asosan loyiha ikki bosqichda amalga oshirilib, 1-bosqichda kunlik 30 MW quvvatga ega panellar aholi iste’moli uchun, 2-bosqichda kunlik 20 MWga ega qayta tiklanuvchi energiya manbaalari tadbirkorlik va biznes sohasi iste’moli uchun qurib bitkazilishi kelishib olindi.
***
Mirzacho‘l tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli poliklinikada aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida “Salomatlik sayli” tashkil etilib, Respublika, viloyat hamda tumanlardan kelgan yuqori malakali vrachlar tibbiy ko‘rigi va skrining dasturlari hamda sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etildi.

700 nafardan ziyod aholi ishtirok etgan saylda nafaqat bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi, balki salomatlik mavzusida davra suhbatlari, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari ham tashkil etildi. Shuningdek, tibbiy ko‘rik va tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, bemorlarga bir qator dori vositalari bepul tarqatildi.
***
G‘allaorol tumani “Madaniyat markazi”da respublikamizning taniqli yozuvchi, shoir, o'zbek adabiyotining yorqin namoyandalari hamda tumanning ziyolilari, yosh ijodkorlar, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul soha xodimlari ishtirokida “Kitobsevar millat” mavzusida ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan tadbir ishtirokchilari yoshlarni kitob o‘qishga mehrini yanada oshirish, kitobxonlikka keng jalb etish mavzularida suhbatlashdi.
Ushbu tadbir respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi G‘allaorol tumani bo‘linmasi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamda tuman axborot kutubxona markazi hamkorligida tashkil etildi.
***
Zomin tumandagi “Yoshlar markazi”da respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, hamkor tashkilotlar ishtirokida “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” respublika tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda tumandagi 40 dan ortiq maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari ishtirok etdi. Bir qancha shartlar asosidagi tanlovda tumandagi 32-sonli umumta’lim maktabi targ‘ibotchisi Bekzod Keldibekov hamda 69-umumta’lim maktabi targ‘ibochisi Umida Infiyayevalar g‘olib deb topilib, viloyat bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
bugungi muborak Ramazon kunlarida Sharof Rashidov tumani 3-sektor hududiga qarashli “Yoshlik” MFYda “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi homiyligida iftorlik dasturxoni tashkil etildi.

“Zarhal” to‘yxonasida tashkil etilgan iftorlikda “Yoshlik” MFYda istiqomat qiluvchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar hamda ro‘zadon mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlar hamda mahalladagi ehtiyojmand, kam ta’minlangan fuqarolar ishtirok etdi. Iftorlik so‘ngida Qur’on tilovat qilinib, o‘tgan marhumlar haqiga bag‘ishlandi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA