Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Forishda tuman sudi tomonidan “Yangi O‘zbekiston huquqiy demokratik davlat: Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy asoslari, qonunchilikni yanada rivojlantirish istiqbollari” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda jinoyat ishlar bo‘yicha Forish tumani sudi raisi Salim Botirov mamlakatimizda sud-huquq, inson huquqi va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil, misollar asosida tushunchalar berdi.

***
Jizzaxdagi 3-sonli ixtisoslashtirilgan maktab binosida referendumga tayyorgarlik ko‘rishi yuzasidan o‘quv-seminar tashkil etildi. Bugun boshlangan o‘quv seminarni Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov ochib berdi. Tadbirning birinchi kunida 48 nafar xodim tahsil olmoqda va o‘quv mashg‘ulotlar malakali trenerlar tomonidan 6 kun davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

***
“Siyosiy-ma’rifat soati" xodimlarning kasbiy malakasini oshishiga va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yanada yaqinroq tanishtirishda hamda respublikamizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarning mohiyatini keng va to‘laqonli anglashlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning 24 mart kuni davlat fuqarolik xizmatchilari uchun navbatdagi “Siyosiy-ma’rifat soati” tashkil etildi. Zafarobod tuman hokimligi xodimlari ham siyosiy-ma’rifat soatda faol ishtirok etdi.

***
Sharof Rashidov tuman “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini “Chorvador” ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholi ichimlik suv tarmog‘idagi nosozliklar yuzaga kelgani to‘g‘risida tuman “Suvoqova” korxonasiga murojaat qilgan edi.
“Suvoqova” korxonasi ishchi xodimlari tomonidan ushbu nosozlik qisqa fursatlarda bartaraf etilib, “Chorvador” ko‘chasi aholisi to‘liq toza ichimlik suv bilan ta’minlandi.

***
G‘allaorol tuman prokurori, 2-sektor rahbari S.Razzoqov “Guliston” QFYda o‘tkazgan yoshlar bilan uchrashuvda 25 nafar, aholi sayyor qabulida esa 55 nafardan ortiq fuqarolar qatnashdi. Jami 40 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 40 foizi joyida ijobiy hal etilishi ta’minlandi. 15 foiz murojaatchiga huquqiy maslahatlar berildi.
Ko‘rib chiqish uchun muddat talab etiladigan murojaatlar bo‘yicha sektor shtabi va tegishli tashkilot mas’ul xodimlariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi hamda ijobiy hal qilish choralari belgilandi.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA