Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar doirasida Respublika Paxtachilik kengashi huzuridagi Sharof Rashidov tumani ishchi guruhi tavsiyasi asosida fermer xo‘jaligi dala chetidan maqsadli foydalanish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan, tumandagi “Isoq bobo” fermer xo‘jaligi dala chetiga 400 tup uzumning so‘g‘diyona, charos va boshqa bozorbop navlarini ekish ishlari boshlandi. Havo harorati ilishi bilan dala chetlariga smorodina, na’matak, oshqovoq, bulg‘or qalampiri, rayhon va ko‘katlar hamda boshqa ekin turlari ekish rejalashtirilgan.

***
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 24 maydagi “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash borasida G‘allaorol tumanida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu qaror ijrosi doirasida aholi turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida G‘allaorol tumani “Qashqabuloq” MFY hududidagi Yangiobod qishlog‘iga suv inshooti qurilib, 3,1 kilometr uzunlikdagi toza ichimlik suv tarmog‘i tortildi va qishloq aholisi to‘liq toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

***
Baxmal tumanida mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, umumta’lim maktablari o‘quvchilarga 2+1 kasb-hunar va bitta xorijiy til o‘rganish bo‘yicha o‘quvchilarning bilim ko‘nikma olishiga alohida e’tibor berish yuzasidan maktab direktorlari ishtirokida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar ishtirokchilari tumandagi 50-sonli maktab o‘quvchilarining kasb-hunarlarni va bitta xorijiy tilni mukammal o‘rganayotganiga guvoh bo‘lishdi.

***
Prezidentimizning Jizzaxga tashrifi davomida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirishda “yashil energiya” dan samarali foydalanib, fermer xo‘jaliklaridagi dehqon uylariga, korxona, tashkilot, muassasalar o‘z ehtiyojlari uchun 5, 10, 15 megavattli quyosh panellarini o‘rnatishi lozimligini ta’kidladi.
Ushbu topshiriqqa asosan Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Forish tumanida 150 megavattli yirik quyosh stansiyasi loyihasi boshlanishi belgilandi. Mazkur stansiya to‘liq quvvatda ishlasa 370 million klovatt soat elektr ishlab chiqaradi. Eng muhimi ushbu loyihani amalga oshirish ishlari boshlandi.

***
Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Mirzacho‘l tumanida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, tumandagi “Mustaqillik” MFYdagi ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida hunarmandchilikning ro‘mol to‘qish, do‘ppi tikish, tikuvchilik, cho‘qima kashta va quroqchilik turlari bo‘yicha milliy o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA