Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3 fevraldagi “Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Jizzax viloyatida o‘rganishlar olib borilmoqda.
Xususan, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi va Sharof Rashidov tumani tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi tomonidan qish mavsumida anomal sovuqdan zarar ko‘rgan tadbirkorlik sub’ektlari – “MEGA ABDULAZIZ STAR” OK, “GOLD ECO WATER”, “OQTOSH OSIYO METAN” MCHJlarning muammolari o‘rganilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Qish chillasidan so‘ng, 70 gektar yerga 25 ming tup bodom ko‘chati ekkan Forish tumanidagi “Buyuk javohir timsoli” fermer xo‘jaligi a’zolari bog‘ga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish ishlarini olib bormoqda. Shuningdek, bog‘ qator oralariga ertaki piyoz va boshqa sabzavot ekinlarini ekish ham rejalashtirilgan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Arnasoy tumani hududiga joriy yilning bahorida jami 785 ming 600 dona manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari hamda buta qalamchalari ekiladi.

Tumanning “Gulbahor” mahalla fuqarolar yig‘inidan 3 kilometr uzoqlikda joylashgan Jambul ko‘chasida 70 xonadon mavjud bo‘lib, mazkur aholi punkti atrofida bo‘sh turgan 3 gektar yer maydoni ham yashil makonga aylantiriladi.
– Loyiha doirasida hududga 10 ming dona tut va 20 ming dona terak ko‘chati ekilishi, 2,2 kilometr oqava suv tarmog‘i tortilishi rejalashtirilgan, - deydi Arnasoy tuman hokimi o‘rinbosari Faxriddin Adilov. – Shuningdek, “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida “Jambul” massiviga 1,2 kilometr ichimlik suv quvuri yotqizilib, 3 kilometr ichki yo‘l shag‘allashtiriladi.

Zafarobod tumani hokimi O‘tkirbek Rahmonov Samarqand va Bo‘ston mahallalari fuqarolari bilan uchrashib, aholi xonadonlarida muqobil energiya manbalarini o‘rnatish, ulardan foydalanish bo‘yicha tushuntirish berdi.
Tuman hokimi fuqarolar tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob berdi. Tadbir yakunida, ko‘plab fuqarolar o‘z xonadoniga quyosh energiyasidan elektr toki ishlab chiqarish panellarini o‘rnatish istagini bildirdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA