Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zafarobod tumani hokimi O‘tkirbek Rahmonov belgilangan jadval asosida birma-bir qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarda bo‘lib, aholi bilan uchrashib, ularning murojaatlarini tinglamoqda. Ishni “xonadonbay” tizimda tashkil etgan tuman hokimi rahbarligidagi ishchi guruhi uyma-uy yurish orqali aholi muammolarini o‘rganayotir.

Jumladan, tumandagi “Uzun” qishloq fuqarolar yig‘inida o‘tkazgan “Sayyor qabul” davomida qishloq aholisi tomonidan kelib tushgan 25 ta murojaatning 20 tasi joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi vakillari Sharof Rashidov tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Vakillar tomonidan binoning holati, yaratilgan sharoitlar, mashg‘ulotlar boshlanishiga tayyorgarlik jarayonlari ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishdan ko‘zlangan maqsad, to‘garaklarda o‘quvchi-yoshlar qamrovini oshirish, yangi o‘quv mashg‘ulotlariga tayyorgarlik holati, ta’lim jarayonini turli innovatsion metodlardan foydalangan holda tashkil etish yuzasidan amaliy-uslubiy yordamlar ko‘rsatishdan iborat.
G‘allaorol tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironlar, yakka-yolg‘iz qariyalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning xonadonlarida bo‘lib, holidan xabar oldi va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Davolanishga ehtiyoji bo‘lgan fuqarolarga viloyat va tuman shifoxonalarida yotib davolanishlari uchun yo‘llanmalar berildi. Tuman tibbiyot birlashmasida ro‘yxatda turuvchi fuqarolarga zarur va ro‘yxatdagi dori-darmonlar jamlanmasi tarqatildi.

Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev va tuman prokurori Maqsud Sattarov hududdagi “Qatortol”, “Qo‘shko‘prik”, “Mulkanlik”, “Bo‘ston” mahallalarida gaz bosimi past bo‘lganligi sababli gaz ta’minoti ishchi xodimlari tomonidan 3 kilometr masofaga yangi quvur tortish ishlari sifatini ko‘zdan kechirdi va mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Endilikda ushbu mahallalarda gaz bosimi bir me’yorda ta’minlanadigan bo‘ldi.

Zarbdor tuman hokimi Zafar Ro‘ziyev, tuman prokurori Ravshan Masharipov hamda mas’ul tashkilot vakillari bilan qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholi xonadonlaridagi va ijtimoiy soha obektlaridagi dolzarb muammolarni o‘z vaqtida yechish, energiya samaradorligini ta’minlash bo‘yicha tumandagi “Navbahor” MFYda mahalla faollari bilan uchrashdi, uyma-uy yurib fuqarolar muammolarini o‘rgandi.
“Oqar” oilaviy poliklinika faoliyati, poliklinikaga o‘rnatilgan muqobil energiyadan foydalanish samaradorligi ham o‘rganildi va yuzaga kelgan muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
Mirzacho‘l tuman hokimi Sh.Ahmedovning topshirig‘iga asosan, “G‘alaba” MFYda aholi muammolari, ijtimoiy soha ob’ektlari issiqlik tizimi, shart-sharoitlari o‘rganilib, kamchiliklarni joyida hal etish choralari ko‘rildi.
Shuningdek, tuman rahbarining tashabbusi bilan boshlangan ezgu ishlar natijasida “G‘alaba” MFYda istiqomat qilayotgan ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, qishning sovuq kunlarida kam ta’minlangan xonadonlarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA