Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumani davlat soliq inspeksiyasi ishni mahallabay tizimida tashkil etib, 4-sektor hududidagi mahallalarda hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faollari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Jumladan, “Baxtli” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tgan uchrashuvda aholiga davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning natijadorligini targ‘ib qilish, uyma-uy yurgan holda ishsiz fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish va bandligini ta’minlash, hududdagi migrantlar ro‘yxatini qaytadan shakllantirish va ular bilan telefon orqali bog‘lanib, amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha keng tushunchalar berish masalalarida tegishli ko‘rsatmalar berdi.
* * *
Yangi yil arafasida Baxmal tumanidagi “Saroy” mahalla fuqarolar yig‘ini yangidan barpo etildi, ishlovchilar barcha qulayliklar yaratilgan binoga ko‘chib o‘tdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Baxmal tumani hokimi Musa Anorboyev, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax viloyati boshqaruvi raisi Abdumajid Sattarov va boshqalar Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaati, oqilona siyosatning asl maqsadi –rivojlanishning muhim bosqichi bo‘lgan mahalla institutining faoliyatini yanada takomillashtirish va nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilayotganini ta’kidladi.
* * *
G‘allaorol tuman hokimi Jaloliddin Oqboyev, aksiyadorlik tijorat “Asaka bank” viloyat filiali mas’ullari bilan birgalikda Jizzax shahridagi “Sambhram” universitetida ta’lim olayotgan g‘allaorollik talabalar bilan uchrashib, ularning taklif va muammolarini tingladi.

Talabalar, oliygohda ular uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani, ta’lim-tarbiya sifatiga alohida e’tibor qaratilayotgani, o‘quv-kontrakt to‘lovlarida amaliy yordam bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
* * *
Do‘stlik tumani Manas mahallasida 2018 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Manaslik chevarlar” mas’uliyati cheklangan jamiyati tikuv sexi “Toshtepatekstil” korxonasi tasarrufiga o‘tgan holda yangidan ish boshladi.

Ayni paytda MCHJda 70 ga yaqin xotin-qiz ishlamoqda. Sex yana 60 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash imkoniyatiga ega. Ishga qabul qilinganlarning asosiy qismi maxsus daftarda turganlar hisoblanib, ular tikkan sifatli kiyim-kechaklar xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.
* * *
Zarbdor tumanidagi umumta’lim maktablari Yangi yil bayrami arafasida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan zamonaviy kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlanmoqda.

O‘quvchi-yoshlarning “Bir million dasturchi” loyihasida o‘qishlari hamda kelajakda zamonaviy kasb egalari bo‘lib yetishishi maqsadida Zarbdor tuman mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan tumandagi 8-, 20- va 31-sonli umumta’lim maktablariga tuman hokimi, tuman prokurori va xalq ta’limi bo‘limi mudiri zamonaviy kompyuter vositalarini topshirdi.
* * *
Mirzacho‘l tumanida “Milliy armiyamiz - Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida tuman o‘quvchi-yoshlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbir Mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan tuman veteran jangchi-faxriy va nogironlar bo‘limi hamda “n” harbiy qism harbiylari hamkorligida o‘tkazildi.

“Harbiy vatanparvarlik oyligi” doirasida tashkil etilgan muloqotda harbiylikning sir-asrori, qiyinchiliklari, sharafli kasb egalarining jasorati haqida so‘z bordi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA