Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zafarobod tumanida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus bo‘yicha tashkil etilgan olimpiadaning ikkinchi mavsumi doirasida “Yoshlar festivali” o‘tkazildi. Tumandagi “Cho‘li guliston” mahallasida tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning barcha loyihalarini qamrab olgan festivalda o‘z hududlarida g‘olib bo‘lgan yoshlar bahslashdi.

G‘olib, sovrindor va turli nominatsiyalar sohiblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
* * *
Zarbdor tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan olis hududda joylashgan “Afrosiyob” qo‘rg‘oni aholisi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Ko‘rikda aholining reproduktiv salomatligi, ularning sog‘ligini tiklashda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ma’lumotlar berildi hamda yotib qolgan bemorlar holidan xabar olindi. Zaruriy dori-darmonlar yetkaziladigan bo‘ldi. Uzoq hududlarda tashkil etiladigan ko‘rik belgilangan jadval asosida davom ettirilishi rejalashtirilgan.

* * *
Do‘stlik tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Xon atlas” festivali doirasida ma’naviy- ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda milliy an’analar, qadriyatlar asosida tumandagi chevarlar tomonidan atlas matosidan tikilgan bolalar liboslari ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Bundan tashqari, tarbiyalanuvchilardan tashkil topgan jamoalar o‘zbek milliy matolari haqida tarixiy ma’lumotlarni gapirib berdi, badiiy chiqishlar namoyish etildi.
* * *
Mirzacho‘l tumani tibbiyot birlashmasi shifokorlari – tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi bilan hamkorlikda 1-sektor hududidagi “Ipak yo‘li” qishloq fuqarolar yig‘inida bo‘lib, 65 yoshdan yuqori bo‘lgan ayollarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

Salomatligida jiddiy muammosi bor onaxonlarga tashxis qo‘yilib, tuman va viloyat shifoxonalariga yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlaridagi vitaminlar hamda to‘g‘ri ovqatlanish qoidalari tushuntirildi.
* * *
Forish tumani mahallalariga biriktirilgan hokim yordamchilari mahalla fuqarolariga amalga oshirilgan va rejadagi ishlari yuzasidan hisobot bermoqda.

3-sektor hududidagi “Oqtom” mahallasida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchisi Abror Vohidovning axboroti tinglandi. U joriy yilning o‘tgan davrida mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan konsepsiya, shu asosda amalga oshirilgan ishlar va yil yakuniga qadar rejalashtirilgan vazifalar xususida to‘xtaldi.
Tadbirda mahalla vakillari so‘zga chiqib, uning faoliyati haqida fikr bildirdi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA