Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“IT-Park” Jizzax filialida navbatdagi “Masofaviy xizmatlar eksporti markazi” ochildi. Ushbu markaz Jizzax viloyatida ikkinchi markaz bo‘lib, “IT-Park” Jizzax rezidenti hisoblangan “Codevision” MCHJ bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Yangi markaz AQSH bozoriga video, foto va boshqa turdagi media mahsulotlarini tayyorlash xizmatlarini ko‘rsatish uchun 15 nafar xorijiy tillar va veb-dizayn sohasini chuqur o‘zlashtirgan mahalliy yoshlar ishga jalb etilib, yuqori maoshga ega ish bilan ta’minlandi.
Zarbdor tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat yurituvchi xotin-qizlar faollari uchun ma’naviyat soati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 iyuldagi “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan mavzuga oid savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.

Forish tuman prokurori, 2-sektor rahbari Ikrom Narziyev “Garasha” mahalla fuqarolar yig‘ini “Elobod” qishlog‘ida aholi muammolarini tinglash va hal etish yuzasidan fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Aholi tomonidan ichki yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarga barham berish, suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, nafaqa olishda ko‘maklashish va boshqa masalalar bo‘yicha 10 ta murojaat bildirildi.
Muloqotda ushbu murojaatlarning 4 tasi joyida yechim topdi. Qolgan 6 ta murojaat tegishli tashkilotlarga topshirilib, ijrosi nazoratga olindi.

G‘allaorol tumanidagi Hayit namozi o‘qilishiga ruxsatnomasi bo‘lgan barcha masjidlarda turli favqulodda holatlarning oldini olish va unga tayyor bo‘lish maqsadida tuman favqulodda vaziyatlar xodimlari tomonidan amaliy-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, jadval asosida o‘tkazilayotgan ushbu tadbir “Sarbozor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Nuril islom” jome masjidida bo‘lib o‘tdi.
Unda favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olish maqsadida – tuman FVB xodimlari tomonidan yong‘in o‘chirish amaliy-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Do‘stlik tumanida Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Oybek Ashurmatov rahbarligida g‘o‘za parvarishi va g‘alla o‘rim-yig‘imini nobud qilmay yakunlashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan tumandagi g‘alla va paxtaga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari zimmasiga paxta parvarishi va g‘alla o‘rim-yig‘imida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi borasida aniq vazifalar yuklatildi.
Tadbirda davlatga g‘alla sotishda faollik ko‘rsatgan fermerlar rag‘batlantirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA