Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini aholining keng qatlamiga yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida Prezidentimizning joriy yil 22 yanvardagi “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘liq ma’lumot berildi. Ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish ob’ektlariga borildi, bunyodkorlik ishlari bilan tanishildi.
* * *
Zafarobod tumanida aholining kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilmoqda.

Ezgu ishlarning davomi sifatida tuman hokimligi tomonidan hududdagi yuzta kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 25 kilogrammdan un va 2 litrdan o‘simlik yog‘i tarqatildi.
* * *
Forish tumanida joylashgan “Forish tog‘” o‘quv harbiy poligonidagi “n” harbiy qism qo‘mondonligi, mudofaa ishlari, Yoshlar ishlari agentligi hamda sport ishlari bo‘limlari hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi kubogi uchun “Men g‘olib!” shiori ostida sportning milliy kurash va tosh ko‘tarish musobaqalarining tuman bosqichi o‘tkazildi.

Unda mahallalarda o‘tkazilgan musobaqalar g‘oliblari bellashdi.
Musobaqa yakunida g‘olib sportchilarga Forish tuman mudofaa ishlari bo‘limining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
* * *
Xalq deputatlari Sharof Rashidov tuman Kengashi ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i A.Kubayevning maktabgacha ta’lim tizimining bugungi kun holati, uning sifat va samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.
Kamchiliklar haqida so‘z borib, soha rivoji uchun takliflar berildi.
* * *
Yangiobod tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashabbusi bilan 1-sektorga qarashli “Sovot” qishloq fuqarolar yig‘inida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida “Bir nuroniy – o‘n yoshga murabbiy” loyihasi asosida keksalarga biriktirilgan yoshlar bilan ularning muammo va takliflari yuzasidan suhbatlashildi.
Nuroniylar o‘rtasida sportning stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha bellashuv ham o‘tkazildi.
G‘olib va sovrindorlarga sovg‘alar topshirildi.
* * *
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani, “Karateren” MFY raisi Sultonbek Yaxshimurodov, mahallaning xotin-qizlar faoli Tamara Abdumurodova, hokim yordamchisi Berdaq Niyazbekov va boshqalar Do‘stlik tumani “Manas” mahallasidagi 17-sonli “Aychurek” hamda “Quvnoq do‘mboqchalar” nomli oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi.

Mehmonlar maktabgacha ta’lim tashkilotidagi sharoitlar, qulayliklar, to‘garaklar faoliyati, tashabbuskor tarbiyachilarning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
* * *
Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Sharof Rashidov tumani IIB xodimlari o‘rtasida sportning sambo turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.

O‘z vazn toifasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA