Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
G‘allaorol tumani “Oqtom” mahalla va “Tozaurug‘” qishloq fuqarolar yig‘inlarida yangi “Mobil guruhlar” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
bugungi kunda “Oqtom” MFYda 3-6 yoshli bolalar soni 532 nafar bo‘lib, ularning 495 nafari, “Tozaurug‘” QFYda esa 3-6 yoshli bolalar soni 329 nafar bo‘lib, ularning 309 nafari maktabgacha ta’limga qamrab olingan. 37 nafar “Oqtom”lik va 20 nafar “Tozaurug‘”lik bolalar “mobil guruh”larga jalb qilinadi.
Ma’lumot uchun, Jizzax viloyatida ayni paytda qamrov foizi 70 foizni tashkil etib, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 75 foizga yetkaziladi.
*
Yangiobod tumanida 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
«Obod qishloq” dasturi asosida 2 milliard 400 ming so‘m sarflangan mazkur bog‘cha 70 nafar bolani qamrab oladi. Bu yerda tarbiyalanuvchilarga rus, ingliz tili va raqs to‘garaklarida tajribali mutaxassislar saboq beradi. Shuningdek, muassasada 6 yoshlilar uchun bepul bir yillik tayyorlov guruhi ham tashkil etilgan.Ularga “Ilm yo‘li” dasturi asosida ta’lim beriladi.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Yangiobod tumanida bolalarni bog‘chaga qamrov foizi 68,3 foizni tashkil etadi.


*
Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida Jizzax viloyati aholisi umumiy daromadlarining 74,8 foizi mehnat faoliyatidan olingan daromadlari hisobiga shakllandi.
Bu haqda statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Bunda yollanma ishchilarning daromadlari 23,2 foiz va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlari 51,6 foizni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, shaxsiy iste’mol uchun o‘zida ishlab chiqarilgan xizmatlardan olingan daromadlarning ulushi 7,1 foiz, mol-mulkdan olingan daromadlarning ulushi 0,7 foiz, transfertlardan olingan daromadlar ulushi 17,4 foizni tashkil qildi.

*
O‘zbekiston ekologik partiyasi Jizzax viloyat kengashi va Jizzax Davlat pedagogika instituti hamkorligida “Ekologiya va biz” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbirda talabalarga aholini ekologik madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, hamda mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini asrab avaylash va fuqarolarimizning sog‘ligini asrashdek yuksak vazifalarni bajarish bo‘yicha tushunchalar berildi.
Iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurashish borasida aholining ekologik bilimini yanada boyitish g‘oyasini ilgari surish, aholida ekologik madaniyatni yuksaltirish, jamiyatning ekologik xavfsizligini yanada oshirish hamda har bir fuqaroni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash to‘g‘risida ma’ruzalar tinglandi.

*
Zarbdor tumanida jismoniy va yuridik shaxslar uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabul ishtirokchilariga viloyatda, shu jumladan, tumanda olib borilayotgan ishlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shuningdek, aloqa va telekommunikatsiya, radio va televideniya, axborot texnologiyalari sohasida xizmatlar hajmi, sifati va narxi kabi masalalar yuzasidan fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar hal etilib, o‘rganish talab etiladigan murojaatlar nazoratga olindi.
Bundan tashqari, soha korxonalari hamda mobil aloqa operatorlari viloyat bo‘linmalari tomonidan tuman aholisi uchun sayyor xizmatlar ko‘rsatish tashkil qilindi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (suratlar) O‘zA