Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zafarobodlik J.Adilov respublikaning “Eng namunali iqtisodchi” nominatsiyasi g‘olibi deb e’tirof etildi.
Jizzax viloyati Zafarobod tumani iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari J.Adilov O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan vazirlikning markaziy apparati, hududiy va idoraviy mansub tashkilotlari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda “Eng namunali iqtisodchi” nominatsiyasining respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi.
***
Forish tuman prokurori M.Otaqulov rahbarlik qilayotgan 2-sektor hududidagi “Garasha” mahalla fuqarolar yig‘inida ayni kunda “Obod qishloq” dasturi doirasida mahalla hududidagi beshta umumta’lim maktablari ta’mirlanib, 2021 – 2022 yangi o‘quv yiliga tayyorlab qo‘yildi.
Dastur doirasida mahalla hududidagi Mexoyam qishlog‘ida joylashgan 18-umumta’lim maktabida yangi qo‘shimcha bino ham qurilib, bitkazildi. Ushbu qo‘shimcha binoni bunyod etish uchun 1 milliard 100 million so‘m mablag‘ sarflandi.
***
Jizzax shahar prokurori, IJQK Departamentining Jizzax shahar bo‘limi boshlig‘i va boshqa mutasaddi idoralarning mas’ul xodimlari dehqon bozorida bo‘lib, bu yerda fuqarolar uchun tashkil etilgan arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi faoliyati bilan tanishdi.
Shuningdek, bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlash, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, fuqarolar uchun yetarli sharoitlar yaratilishining ahvoli o‘rganilib, tegishli choralar ko‘rildi.
***
Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan Zarbdor tumani 1-sektor hududidagi “Ravot” MFYda yashovchi kam ta’minlangan oila farzandlariga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan maktab kiyimlari olib berildi.
Shuningdek, tumandagi “Temir daftar”da turuvchi fuqarolarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Zarbdor tuman bo‘limi tomonidan 8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
***
Do‘stlik tumanida yashovchi bokschimiz Muxlisa Xushvaqtova Birlashgan Arab Amirligida o‘tgan Osiyo chempionatida faxrli 3-o‘rinni egalladi.
Tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabi boks to‘garagi treneri Ro‘zimurod Farmonov qo‘l ostida shug‘ullanuvchi sportchi Muxlisa Xushvaqtova BAAning Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan qit’amiz chempionatida faxrli 3-o‘rinni egallab bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Muxlisa musobaqadagi ushbu muvaffaqiyati uchun 1 ming 500 AQSH dollari bilan mukofotlandi.
***
Yoshlar ishlari agentligi G‘allaorol tuman bo‘limi bir guruh yoshlar uchun Forish tumanida o‘tkazilayotgan “Armiya – 2021” Xalqaro armiya o‘yinlari musobaqasini tomosha qilish uchun sayohat tashkil etdi.
O‘ziga xos ushbu sayohatda 120 nafar harbiy sohaga qiziqishi bo‘lgan g‘allaorollik yigit-qizlar qatnashdi. Dunyoning 8 ta xorijiy davlatlaridan kelgan harbiylarning chiqishlari g‘allaorollik yoshlarning mudofaa sohasiga qiziqishini yanada oshirib, sayohat ularda katta taassurot qoldirdi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV(surat), O‘zA