Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi ijrosi doirasida Mirzacho‘l tumani “Ipak yo‘li” qishloq fuqarolar yig‘inida joylashgan “Asil asalari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida asalarichilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar uchun amaliy seminar tashkil etildi.
Ko‘p yillardan buyon asalchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkor, “Asil asali” MCHJ rahbari Moskva qishloq xo‘jaligi akademiyasining asalarichilik fakultetini tamomlagan oliy ma’lumotli mutaxassis G‘ulom Mamarahimov seminar ishtirokchilariga asalari boqish yo‘llari, ularni ko‘paytirish usullari, asalaridan asaldan tashqari, mum, propolis va tibbiyot uchun zarur bo‘lgan asalari zahrini yetishtirish va sotish uslublari to‘g‘risida ma’lumotlarni berdi.
Seminar yakunida tumandagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bir necha yigit-qizlarni G‘ulom Mamarahimov shaxsiy tashabbusi bilan “ustoz-shogird ana’analari”ga sodiq qolgan holda shogirdlikka qabul qildi.
*
Arnasoy tuman hokimligi homiyligida bir guruh faol, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari “Zomin” bolalar yozgi dam olish oromgohiga tuman IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi vakillari nazoratida kuzatib qo‘yildi.
Arnasoylik bolajonlar Zomin tumanining so‘lim tabiati bag‘rida bir hafta davomida dam olib, uylariga qaytadi.

*
Jizzaxda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Kadastr agentligi viloyat boshqarmasida faoliyat olib borayotgan inspektorlar tomonidan 162 million 925 ming so‘mlik ma’muriy jarimalar qo‘llanilib, 683 ta holatda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Ma’muriy chora ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va boshqa vakolatli organlarga yuborilgan ishlar soni 18 tani, Kadastr agentligi organida ma’muriy tartibda hal etilgan ishlar soni 665 tani tashkil etdi.
Hisobot kuniga qadar qo‘llanilgan ma’muriy jarimalarning 76 million 868 ming so‘mi undirilishi ta’minlandi.
*
Forish tumani “Nurak” mahallasida “Aqlvoy” mobil davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat boshlab, shu mahallaning 30 nafar o‘g‘il-qizini qamrab oldi.

“Nurak”da hozirga qadar davlat MTT mavjud emas edi. Shuni hisobga olib, mahallada davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilgunga qadar, mobil davlat muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ayni muddao bo‘ldi. Ushbu “Aqlvoy” mobil bog‘chasi Amir Temur nomli MFYdagi “Guldasta” davlat MTTning filiali hisoblanadi.
Xuddi shu tumandagi “Forish tog‘” o‘quv poligonida esa harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Men g‘olibman” deb nomlangan sport musobaqalari tashkil etildi.
Sport bellashuvlari davomida Forish tuman madaniyat markazi san’atkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
*
Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida Jizzax viloyatidan ko‘chib ketganlar soni ma’lum qilindi.

Viloyat statistika boshqarmasining ma’lum qilishicha, 2021 yilning yanvar-iyun oylarida 6 ming 292 nafar fuqaro boshqa hududlarga ko‘chib ketgan.
Aholining ko‘chib ketishi tuman va shahar kesimida ko‘rib chiqilganda, eng ko‘p aholi Jizzax shahridan 1 ming 89, Sharof Rashidov tumanidan 823 nafar, eng kam fuqarolar esa Arnasoydan 276 va Yangiobod tumanidan 121 kishi boshqa hududlarga ko‘chib ketibdi.
***
“Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan respublika va mahalliy ommaviy axborot vositlari xodimlari, korxona, tashkilot va muassasalarning axborot xizmatlari rahbarlari hamda blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida ishtirokchilarga sohaga oid atroflicha ma’lumotlar berildi.

Viloyatda “Jizzax HETK” AJga qarashli aholi va ishlab chiqarish korxonalarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi 106 ta podstansiya mavjud bo‘lib, shulardan 28 tasi 110 kVli, 78 tasi 35 kVlidir. 2021-2022 yillar kuz-qish mavsumida barcha iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida va podstansiyalardagi transformatorlarning quvvatini oshirish yuzasidan tasdiqlangan loyiha asosida qurilish-rekonstruksiya ishlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Ushbu press-tur davomida ishtirokchilar 10-35-110 kVli elektr uskunalari yangi, zamonaviysiga almashtirilib, joriy yilning yanvar oyida ishga tushirilganligi, ayni paytda ushbu podstansiyada 2-navbat qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilayotganini borib ko‘rdi.
Bu yerda 16 ming kVA quvvatli kuch transformatorining 40 ming kVAlisiga hamda 10-35-110 kVli elektr uskunalari yangi zamonaviysiga almashtirilishi rejalashtirilgan. Quvonarlisi, endi aholi va ishlab chiqarish korxonalarini elektr energiyasi bilan uzluksiz va sifatli ta’minlanishi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA