Jizzax viloyati: Izchil islohotlarning amaldagi samarasi
Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining sessiyasi oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, blogerlar va tashkilotlarning axborot xizmatlari rahbarlari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar viloyatning Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari hamda islohotlarning yorqin samarasi bilan tanishtirildi.
Press-tur ishtirokchilarining ilk tashrif manzili xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi kotibiyatiga bo‘ldi. Ular kotibiyat xodimlari, Oliy Majlis senatorlari va deputatlar hamda mahalliy Kengashlar deputatlariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
[gallery-5152]
Kotibiyat vakillarining samarali faoliyat yuritishi uchun 3 ta xona ajratilib, zamonaviy kompyuter va mebel jihozlari bilan ta’minlangan. Xalq deputatlari viloyat Kengashining joriy yilga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlanib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlarning ijrosi, hokimlar, uning o‘rinbosarlari, tegishli boshqarma tashkilotlarning hisobot va axborotlarini eshitish rejalashtirilgan bo‘lib, hisobotlar ish rejasiga asosan muntazam ravishda eshitilib borilmoqda.
– Kotibiyatimiz tomonidan ish rejasida belgilangan tadbirlar, sessiya muhokamasiga kiritilgan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish maqsadida barcha doimiy komissiyalar yig‘ilishlari o‘tkazib borilmoqda, – deydi xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi kotibiyati rahbari Nodira Karimova. – Doimiy komissiyalar raislari o‘zlariga tegishli bo‘lgan yig‘ilishlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida xalq deputatlari viloyat Kengashining 13 ta sessiyasi o‘tkazilib, 220 ta masala muhokama qilindi va ommaviy axborot vositalarida barcha sessiyalar yoritib borildi.
Monomarkazda yoshlar 22 ta kasb-hunarga o‘rgatilmoqda
Press-tur ishtirokchilari Jizzax shahridagi aholi bandligini ta’minlash, ularni kasbga yo‘naltirish maqsadida tashkil etilgan monomarkaz bilan ham yaqindan tanishtirildi.
Quvvati bir vaqtning o‘zida 490 o‘ringa mo‘ljallangan Jizzax shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi sobiq Jizzax iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘rnida tashkil etilgan bo‘lib, monomarkaz faoliyat yuritayotgan binoni ta’mirlash va jihozlashda, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 14 milliard 400 million so‘m va Jahon bankining 1 milliard 145 million so‘mdan ortiq mablag‘lari jalb etildi.
Markaz qayta rekonstruksiya qilinib, “WORLD SKILLS” talablari asosida to‘laligicha qayta jihozlash ishlari ham yakuniga yetkazilgan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tarkibiy tizimiga kiruvchi band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi Jizzax shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida 5 ta xizmat turi, 22 yo‘nalishdagi kasbga o‘qitish va 5 ta til o‘rgatish kurslari faoliyat yuritmoqda. Monomarkazda “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan bandligi vaqtincha ta’minlanmagan jizzaxlik yigit-qizlar uchun servis va xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha 8 ta, texnik soha bo‘yicha 7 ta, qurilish sohasi bo‘yicha 5 ta, qishloq xo‘jaligi sohasida 2 ta kasb turlari tashkil etilgan.
Shuningdek, xorijiy tillarni o‘rgatish kursida rus, ingliz, koreys, xitoy va yapon tillari, raqamli texnologiyalarni o‘rgatish kursida esa kompyuter savodxonligi, dasturchi
1S buxgalteriya mutaxassisliklari o‘rgatilar ekan. Ayni paytda, monomarkazda 24 ta kasb-hunar va 3 turdagi til o‘quv kurslarida 317 nafar band bo‘lmagan yoshlar malakali mutaxassislar tomonidan o‘qitilib, kasb-hunarga o‘rgatilayotganini ham alohida ta’kidlash joiz.
“Sambhram” universitetdagi talabalar soni yaqin kelajakda 8 mingdan ortadi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 29 iyundagi “Jizzax shahrida “Sambhram” universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan viloyat markazida “Sambhram” universiteti tashkil etildi.
Hindistonning “Sambhram” universiteti nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanib, unda o‘qitish kunduzgi ta’lim shaklida, ingliz tilida hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Universitetda 2021-2022 o‘quv yilida 2 mingga yaqin talaba magistrantlar qabul qilingan bo‘lib, ta’lim muddati 4 yil bo‘lgan (kunduzgi) 3 ta bakalavr yo‘nalishi va ta’lim muddati 2 yil bo‘lgan 2 ta magistratura mutaxasssisliklari bo‘yicha hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, bakalavriat – Axborot texnologiyalari muhandis-dasturchisi (B.Tech.IT) 700 nafar, Axborot texnologiyalari fanlari (B.Sci.IT) 500 nafar, Biznes boshqaruvi (VVA.IT) 700 nafar.
Magistratura yo‘nalishida Axborot texnologiyalari fanlari (M.Sc.IT) 50 nafar, Biznes boshqaruvi (MVA.IT) 50 nafar magistrantlar tahsil olmoqda. Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston va Hindistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom topshiriladi. Universitet uchun ajratilgan Jizzax shahri, Sharof Rashidov ko‘chasida joylashgan sobiq Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachi etib belgilangan.
bugungi kunda universitetda 200 o‘rinli oshxona binosi hamda 500 o‘rinli yotoqxonada ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Universitetning faoliyat ko‘rsatishi uchun joriy yilning 16 noyabrdagi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Nodavlat ta’lim xizmatlari sohasida faoliyatni amalga oshirishi uchun № 0039-sonli litsenziya olindi. Hozirgi kunda 1 ming 500 nafardan ortiq talabalar dars mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. Dars jarayonlari 2 smenada tashkil etilgan.
Universitet faoliyatiga Hindistondan 16 nafar professor-o‘qituvchilar va O‘zbekistondan 30 nafar professor-o‘qituvchilar jalb etildi. Yaqin kelajakda ushbu universitetda 8 mingdan ortiq talabalar tahsil olishi ko‘zda tutilgan.
“Prezident maktabi” da ta’lim – Cambridge Assessment International Education tizimida olib borilmoqda
Tadbir ishtirokchilarining navbatdagi tashrif manzili joriy yilda Jizzax shaharida faoliyat boshlagan “Prezident maktabi” bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida viloyatning ko‘plab iqtidorli yoshlari orasida bir necha bosqichlardan iborat test-imtihonlaridan 144 nafar o‘quvchi viloyat maktablaridagi 260 ming nafarga yaqin o‘g‘il-qizlar orasidan eng sarasi, bilimdoni, iqtidorlisi sifatida bu yerda ta’lim-tarbiya olmoqda. Qisqa fursat ichida 70 milliard 700 million so‘m byudjet mablag‘lari evaziga bunyod etilgan mazkur muassasada o‘quvchilar uchun 120 o‘rinli oshxonada barcha sharoitlar yaratilgan. 50 o‘rinli maktab kutubxonasida 9 ming 500 dan ziyod eng sara kitob va qo‘llanmalardan iborat fond mavjud.
Maktabdagi o‘quv-tarbiya jarayonlari xalqaro Kembridj Essessment Interneyshnl Edikeyshn (Cambridge Assessment International Education) ta’lim tizimi va mahalliy ta’lim tizimi integratsiyalashgan holda tashkil etilgan. Bundan tashqari, o‘quvchilarning iqtidori, aniq fanlar va texnologiyalarga qiziqishi, yaratuvchanlik salohiyatini o‘stirishga xizmat qiladigan robototexnika, modellashtirish, kreativ ijod to‘garaklari, fizika, kimyo, biologiya kabi tabiiy fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘zlashtirish imkonini beradigan laboratoriya xonalari tashkil etilgan.
Prezident maktabida eng malakali mahalliy o‘qituvchilar bilan birgalikda Fillipindan 3 nafar, Hindistondan 2 nafar, Xorvatiya, Pokiston, Buyuk Britaniya va Shotlandiyadan 1 nafardan jami 9 nafar xorijlik malakali ustozlar yoshlarga ta’lim-tarbiya bermoqda.
Jizzaxda birinchi marta 16 qavatli uylar barpo etilmoqda
Jizzax shahrida 2017-2020 yillar davomida xususiy sektor ishtirokida jami 858 xonadonli 15 ta, 4 va 7 qavatli uy-joylarni qurish ishlari amalga oshirilgan. Joriy yilda qurilayotgan 1 ming 120 xonadonli 32 ta ko‘p qavatli uy-joylarning katta qismi ham xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunda 860 ta xonadonlar egalari uchun subsidiya ajratish orqali oilalarning uy-joy muammosini hal etishga ko‘maklashildi.
Darhaqiqat, Jizzax shahrining “Olmazor” mahallasi keyingi yillarda juda gavjumlashib, bu yerda ko‘p vaqatli uylar soni yil sayin ortib bormoqda. Dastlab 15 ta 7 qavatli uy foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Jizzaxda birinchi marotaba har biri 80 xonadonga mo‘ljallangan 6 ta 16 qavatli va 4 ta 9 qavatli uylar qurilishi bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.
16 qavatli uylar qurilishi, tan olish kerak, Jizzax viloyati hayoti uchun ilgari kuzatilmagan holat. Bungacha eng baland turar joy 9 qavatli bo‘lgan. 16 qavatli uylar nima uchun zarur degan savol yuzaga chiqqanda ham bunga birdan bir to‘g‘ri javob – urbanizatsiya jarayonida markaz shaharlar aholisi sonining ko‘payishi, turgan gapki, turar joy qurilishiga mo‘ljallangan yer uchun ehtiyojning oshishi bilan izohlansa o‘rinli bo‘ladi.
Sifat masalasi esa har doim ham birinchi o‘rinda turadi. Har bir qavatda 5 ta xonadon mavjud, ularning 4 tasi 3 xonali, 1 tasi 1 xonali bo‘lib, har bir xonadon uchun 2 ta ochiq havoza, balkon qurilgan. Tabiiy gaz ta’minoti yerdan to 9-qavatgacha ko‘tarilgan. Undan tepa qavatlar uchun esa ta’minot tarmog‘i tepadan tushib keladi. Bu turmush ehtiyoji yuqori bo‘lgan mazkur kommunal xizmat – tabiiy gaz ta’minoti bir me’yorda taqsimot qilinishini ko‘rsatadi. 16 qavatli bu uylarning har biriga 2 tadan lift xizmat ko‘rsatadi. Osmono‘par ushbu binolarning qobirg‘alarini 14 metr chuqurlikkacha yetib borgan mustahkam qoziqlar ushlab turishi turli tabiiy ofatlarga chidamliligidan dalolat beradi. Devorlar esa metall karkaslarga quyilgan mustahkam beton qorishmadan iborat. Xonadonlarda issiqlik bir me’yorda, yozu qishda bir xil mo‘’tadil ob-havo saqlanib turilishini ta’minlash maqsadida, tashqi devorlarga bazalt tolasidan to‘qilgan qurilish matosi qoplanganini ham alohida ta’kidlash lozim.
Veloturga ixtisoslashgan BMX maydoni
Jizzax shahridagi sportning veloturiga ixtisoslashgan BMX maydoni "Sangzorko‘l" ning 4 gektarli hududini o‘z ichiga oladi.
–Umumiy loyiha qiymati 500 ming AQSH dollari bo‘lgan ushbu majmua joriy yilda foydalanishga topshirildi, – deydi O‘zbekiston velesport federatsiyasi Jizzax viloyati bo‘limi ijrochi direktori, Jizzax olimpiya zaxiralari kolleji direktori Xurshid Atakulov. – Loyiha-smeta hujjatlariga asosan 3,2 gektar maydonda 2 ming 500 tomoshabinga mo‘ljallangan “Velotrek” majmuasi velosportning 4 yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazishga mo‘ljallab bunyod etilgan.
Majmua Sochi shahridagi “Velotrek” majmuasi loyihasi asosida qurilgan bo‘lib, qurilish Ukraina, Belgiya va Fransiyadan kelgan mutaxassislar ko‘magi bilan amalga oshirilgan. Jahon andozalariga to‘la-to‘kis javob beradigan sport majmuasida "Velotrek" ning VMX yo‘nalishi bo‘yicha nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosidagi musobaqalarni o‘tkazish mumkin. Bundan tashqari, jahon standartiga to‘la javob beradigan 4 ta tennis korti, 4 ta mini futbol maydoni mavjud. Shuningdek, ushbu sport shaharchasida bolalar-o‘smirlar sport maktabi, 3 yulduzli mehmonxona ham barpo etilmoqda.
“Gold Fish agro” MCHJ baliqchilik va uzumchilik klasteri
Sharof Rashidov tumani hududidagi yangi inovatsion texnologiyalar asosida barpo etilgan “Gold Fish agro” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga uyushtirilgan tashrif ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Ayni paytda, Jizzax viloyatida 220 dan ortiq baliqchilik xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Ularda yil yakuni bilan jami 23 ming tonna baliq yetishtirish mo‘ljallangan. Bu yil ularning safiga “Gold Fish agro” MCHJ ham qo‘shildi.
– “Gold Fish agro” MCHJ joriy yilning sentyabr oyida o‘z faoliyatini boshladi, – deydi MCHJ rahbarining o‘rinbosari Nurmuhammad Qurbonov. – Klasterimizning umumiy maydoni 43 gektar bo‘lib, qiymati 30 milliard so‘mlik ushbu loyiha uvildiriqlarni tayyorlashdan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, yem ishlab chiqarishni qamrab olishi rejalashtirilgan. Mavjud 43 gektar maydonning 4 gektarida intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan ekan. Sun’iy hovuzlarda Xitoy texnologiyasi o‘rnatilgan. Bu doimiy suv talab qilmaydi, balki o‘zidagi suvni qayta aylantirib ishlaydi. Hozir har bir sun’iy hovuzda mingtagacha baliqning “sazan” (zog‘ora) turi boqilmoqda. 2 gektar maydonni egallagan sun’iy ko‘llarda esa yarim intensiv usulda baliq parvarishlanayotir. Umuman, klaster yiliga 500 tonna baliq yetishtirish quvvatiga ega. Shu yerning o‘zida baliqni qayta ishlash sexi, 800 tonna sig‘imli zamonaviy muzlatgichlar ham bor ekan.
E’tiborli tomoni, bu yerda baliqchilikka o‘rgatish qisqa muddatli pulli o‘quv kursi ham tashkil etilgan. Unda baliqchilikning barcha sir-asrorlari ipidan-ignasigacha o‘rgatiladi. O‘qish haftasiga 2 kun bo‘lib, 1 oy davomida baliqlar uchun hovizchalar qurish, baliqni uvuldiriqdan urchitish, oziqlantirish, parvarishlash, suvni almashtirish, kislorod bilan to‘yintirish va hokazolar ham nazariy ham amaliy jihatdan o‘rgatiladi. Bundan tashqari, 20 gektar maydonga vinobop uzum navlari ekilib, yana 2 yildan keyin toklar hosil berib boshlaydi. Klaster hududida eksportbop vino tayyorlash va baliqdan esportbop konserva mahsulotldari tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi ham rejalashtirilgan. Ayni paytda, MCHJda doimiy 6, mavsumiy 8 nafar xodimlar mehnat qilayotgan bo‘lsa, yuqorida ta’kidlangan loyihalar amalga oshirilgach, yana 20 dan ortiq doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.
Sharof Rashidov muzeyi – Jizzax tarixining ko‘zgusi
Press-tur ishtirokchilarining so‘nggi tashrif manzili viloyat markazidagi Sharof Rashidov muzeyi bo‘ldi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2006 yil Sharof Rashidovning nomi oqlangandan so‘ng, tavalludining 90 yilligi sharafiga ushbu muzey tashkil etilgan edi. Orada 10 yillar davomida muzey e’tibordan chetta qoldi. 2017 yil Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidovning 100 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Unga muzey tubdan qayta rekonstruksiya qilindi.
Muzeydan Sharof Rashidovning bolalik chog‘idan butun hayoti va faoliyatini qamrab olgan eksponatlar joy olgan. Sharof Rashidov Mirzacho‘lni o‘zlashtirish yillari kelgan paytida kechasi tunab qolgan vagon ham muzey hovlisiga ta’mirlanib, eksponat sifatida qo‘yilgan. Ushbu muzeydan tashqari, Sharof Rashidov tug‘ilib o‘sgan otasi Rashid boboning hovlisi ham qayta ta’mirlanib, Sharof Rashidov uy muzeyiga aylantirildi.
Respublikamiz poytaxtidan kelgan markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar uchun Jizzax viloyatiga uyushtirilgan press-tur barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat) O‘zA