Jizzax shahrida sayyor qabul o‘tkazildi
Aholi murojaatlarini tinglash, muammolarini o‘rganish va hal etish maqsadida viloyat prokuraturasi tomonidan Jizzax shahri aholisi uchun navbatdagi sayyor qabul va yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
“Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan aholi sayyor qabuli va yoshlar bilan uchrashuvini viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Alisher Shamsiyev boshqardi.
Viloyat 2-sektor hududida aholi farovonligini ta’minlash, yashash sharoitlarini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahallalardagi obodonlashtirish, qurilish, ta’mirlash ishlari, ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minoti yuzasidan fuqarolarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etishda sezilarli va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu sayyor qabulda 45 nafar fuqaro tomonidan 46 ta masala yuzasidan murojaatlar qabul qilinib, shulardan 33 nafar fuqaroning murojaatlari joyida o‘zining ijobiy yechimini topdi, o‘rganish talab qiladigan 12 ta murojaat qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladigan bo‘lib, nazoratga olindi.
Fuqarolik pasportini olishda amaliy yordam ko‘rsatish, ortopedik vositalar va bank kredit mablag‘lari ajratish bilan bog‘liq 10 ta murojaat esa joyida hal etildi.

Sayyor qabul jarayonida sog‘liqni saqlash masalasida murojaat qilgan Jizzax shahrida yashovchi 5 nafar fuqaroning nogironlik aravachasi va eshitish moslamasi olishda qiynalayotganligi ma’lum bo‘lib, amaliy yordam berildi.
– Anchadan beri turmush o‘rtog‘im nogironlik aravachasiga ehtiyoji mavjud edi va bu masalada bir nechta idora rahbarlariga ham murojaat etgan edim. Talabim shu yerning o‘zida qondirildi va nogironlik aravachasi berildi, – deydi hayajon bilan Tamara opa Hojiyeva.

Qabul davomida viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Alisher Shamsiyev bir guruh jizzaxlik yoshlar bilan ham uchrashib, ular bilan yuzma-yuz muloqot qildi.

– Rossiya davlatiga pul topish uchun ketgan edim, – deydi shahardagi “Madaniyat” MFYda yashovchi Shuhrat Mavlonov. – Avvaliga ishlarim yurishdi. Uyga pul jo‘natib turdim. Ko‘p o‘tmay ish haqimni bermay qo‘yishdi. Keyin Jizzaxga qaytib kelib, kasb-hunarga qayta o‘qitish markazidagi qisqa muddatli kursni bitirdim. Oilaviy tadbirkorlikni boshlash maqsadida 2-sektor rahbariga murojaat qilgan edim. Mana bugungi sayyor qabulda viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari kredit mablag‘i sertifikatini topshirdi.

A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA