Jizzax politexnika institutida matbuot anjumani
Institutning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, texnika fanlari doktori Jamshid Abdunazarov yakuniga yetib borayotgan 2023 yilda xalqaro hamkorlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil axborot berdi.
Jizzax politexnika instituti 70 ga yaqin xorijiy oliy o‘quv yurti bilan talabalar mobilligi, professor-o‘qituvchilarning stajirovkasi, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va xorijiy grant dasturlarida birgalikda ishtirok etish bo‘yicha hamkorlik aloqalari o‘rnatgan.
Institut professor-o‘qituvchilari har yili AQSH, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Turkiya, Vengriya, Yaponiya, Italiya, Ruminiya, Polsha, Slovakiya, Koreya kabi davlatlarning oliy o‘quv yurtlariga malaka oshirishga borib turibdi. O‘z navbatida, institutga har yili xorijiy universitetlardan professorlar jalb qilinadi.
Jizzax politexnika instituti (JizPI) Rossiya OTMlari (Kazan Federal universiteti, Don davlat texnika universiteti, Ivanova kimyo texnologiyalari universiteti, Moskva energetika instituti, Moskva davlat qurilish universiteti) bilan hamkorlikda 2+2 qo‘shma ta’lim dasturini amaliyotga joriy qilgan bo‘lib, ushbu dasturlarda 175 nafar talaba tahsil oladi. Xitoyning Nankin transport texnologiyasi kasb-hunar instituti bilan hamkorlikda “Transport logistikasi” va “Elektromobillar ekspluatatsiyasi va servisi” yo‘nalishi bo‘yicha talabalar tayyorlanmoqda.
[gallery-15268]
Ayni paytda JizPIda tahsil olayotgan xorijiy fuqarolar soni 19 nafarni tashkil etadi.
Hozir institut nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro maydonda ham o‘z mavqeini ko‘tarishga bo‘lgan harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, 2022 yilda JizPI xalqaro “Greenmetric” agentligi tomonidan tuzib chiqilgan OTMlar reytingida dunyoda 327-o‘rinni, 2023 yil natijalariga ko‘ra esa dunyoda 266-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston OTMlari orasida 2 yildan buyon 1-o‘rinni hech kimga bermay kelayotganini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Jizzax politexnika instituti bir qator xorijiy tashkilotlar, jumladan, “Tempus”va“Erasmus+” dasturlari doirasidagi loyihalarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Institutning xalqaro hamkorlik bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i O‘tkirjon Rahmatov oliy o‘quv yurtining kelajakdagi istiqbolli rejalari xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, Janubiy Koreyaning Namseul universiteti bilan birgalikda arxitektura va menejment sohalari bo‘yicha 1+1 qo‘shma ta’lim dasturini, Xalqaro “JICA” va “KOICA” agentliklari hamda AQSH elchixonasi tomonidan moliyalashtiriladigan volontyorlik loyihalari asosida 2024 yildan institutga xorijiy mutaxassislarni jalb etish, 2024-2025 o‘quv yilidan institutda tahsil olayotgan xorijiy talaba va olimlar sonini oshirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.
Matbuot anjumani ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari