“Jizzax-Kyentyeks” yana karvonboshilikka qaytdi
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionati oliy ligasi jamoalari 4-turning navbatdagi uchrashuvlarini o‘tkazdi.
Ushbu turda O‘zbekistonning amaldagi chempioni va kubogi sohibi Jizzax shahrining “Jizzax-Kyentyeks” futzal klubi chempionat karvonboshisi Toshkentning BMB jamoasi bilan kuch sinashdi. Joriy mavsumda chempionlikka da’vogarlik qilayotgan ikki jamoa o‘rtasidagi bahs keskin va murosasiz o‘tdi.

Hisobni uchrashuvning birinchi bo‘limi 12-daqiqasida Akbar Usmonov ochgan bo‘lsa-da (1:0), poytaxtliklar bahsning so‘ngi 3 daqiqasida g‘alabani qo‘ldan boy berib qo‘ydi. O‘yinning ikkinchi bo‘limida Bahodir Ahmedov shogirdlari o‘z maqsadlariga erishib, 37-daqiqada Ilhomjon Hamroyev, 38-daqiqada esa Sunnatulla Jo‘rayev BMB darvozasini ketma-ket ishg‘ol etib, toshkentlik futzalchilar ustidan g‘alabaga erishdi. BMB (Toshkent) – “Jizzax-Kyentyeks” (Jizzax) yakuniy hisob – 1:2.

4-turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Navbahor” (Namangan) – “Metallurg” (Bekobod) – 3:7, “Neftchi” (Farg‘ona) – “Maksam-Chirchiq” (Chirchiq) – 4:2, “Paxtakor” (Toshkent) – “Lokomotiv” (Toshkent) – 8:4.
A.Qayumov, O‘zA