Jizzax futboli: kecha, bugun va istiqbol
Jizzax viloyatida millionlar o‘yini futbolni rivojlantirish va ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jizzax futbol tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Lekin rasmiy manbalarda, havaskor futbol jamoasi sifatida 1970 yilda “Jizzax” nomi bilan rasman ro‘yxatdan o‘tib, sobiq ittifoq chempionati II ligasi 7-zonasi musobaqalarida qatnashgani qayd etilgan.
Jamoaning nomi turli yillarda turlicha atalgan. Jumladan, o‘sha o‘tgan asrning 70-80-yillarida “Trud”, “Irigator”, “Bo‘ston”, “Zvezda”, “Yoshlik” nomlari bilan O‘zbekistonning eng nomdor jamoasi Toshkentning “Paxtakor” futbol klubidan keyin sobiq ittifoq chempionatida uzoq yillar davomida I ligada O‘zbekiston sharafini himoya qilgan yagona jamoa bo‘lgan.
bugungi “So‘g‘diyona” markaziy (o‘sha paytdagi “Jizzax”) o‘yingohida sobiq ittifoqni bir necha karra chempioni bo‘lgan Kiyevning “Dinamo”, Moskvaning “Spartak”, SSKA, “Dinamo”, “Torpedo”, Kishinevning “Nestru”, Vilnyusning “Jalgris”, Riganing “Davugau”, Voroshilovgradning “Zarya”, Rostov-Donning SKA, Dushanbening “Pomir” va boshqa ko‘plab klublar Jizzaxdan 1 ochko ham ololmay ketgan paytlari ko‘p bo‘lgan. 1980 yillarning oxiriga borib o‘zbek futboli inqiroz ko‘chasiga kirib qoldi. “Paxtakor” ittifoq chempionatining oliy, “Jizzax” birinchi ligasidan tushib ketdi.
Mamlakatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgach, futbolga hukumat miqyosida e’tibor qaratildi. Ilk O‘zbekiston chempionati oliy (hozirgi super) ligasida chempionlik uchun “Paxtakor” bilan tengma-teng kurashga chiqa bilgan jamoalardan biri bu – “Jizzax” futbol klubi bo‘ldi.
2001 yildan buyon “Jizzax” o‘z nomini “So‘g‘diyona” deb o‘zgartirib, mamlakatimizning grand jamoalaridan biri sifatida O‘zbekiston superligasida munosib ishtirok etib kelmoqda. Bugunga kelib, yaqin o‘tmishdagi ajoyib futbolchi, bugungi o‘zbek futbolida o‘z imzosiga ega bo‘lgan ajoyib ustoz Ulug‘bek Baqoyev bosh murabbiyligida xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini himoya qilishga chog‘langan. O‘tgan mavsumdagi mamlakat vitse-chempioni “So‘g‘diyona” endi o‘z nomini nafaqat O‘zbekistonda, balki Osiyoda ham jaranglashi sari dadil qadam tashlamoqda. Bu qadam qutlug‘ kelishiga biz ham tilakdoshmiz.
Mamlakat chempionati superligasida jizzaxliklarning suyukli jamoasi – “So‘g‘diyona” professional futbol klubi Jizzax futbolining barcha yosh toifalari musobaqalarida ishtiroki va ular uchun yaratilgan sharoitlar viloyat hokimi Ergash Saliyevning doimiy nazoratida ekanini ham shu o‘rinda, alohida ta’kidlash lozim. Joylarda zamonaviy futbol maydonlari va maktablari tashkil etilmoqda. Jizzax viloyatida iqtidorli yoshlarni tarbiyalash maqsadida “So‘g‘diyona” futbol akademiyasi uchun yangi baza bunyod etilayotir.
Shuningdek, viloyat futbol mahorat maktabi uchun Jizzax shahrida zamonaviy bino, futbol maydoni, yopiq zaldan iborat zaruriy infratuzilma ob’ektlari bunyod etildi. Yangi imkoniyatlarga hamohang tarzda sportga, jumladan, bolalar futboliga ham xorijiy tajribani tatbiq etish, malakali murabbiylarni jalb etish muhim vazifa. Jizzaxda yaqin kunlarda Angliyaning “Brooke House College Football Academy”ning filiali ish boshlashi mumkinligi haqida viloyat hokimligi axborot xizmati xabar tarqatdi.
Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev Toshkent shahridagi “Brooke House College Football Academy” direktori Shuhrat Ernazarov bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda bu boradagi kelgusi rejalar muhokama qilindi.
Ushbu akademiya o‘tgan yili faoliyat boshlagan bo‘lib, uning bosh idorasi Angliyada joylashgan va u yerda 11-17 yoshli futbolchilar tayyorlanadi.
– Ushbu akademiya nafaqat Angliyada, balki O‘zbekistonda ham yuqori malakali murabbiylar, jahon talablariga mos keladigan futbolchilar yetishtirib chiqarishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan va Toshkentda uning samaralari ko‘zga tashlana boshladi, – deydi Toshkent shahridagi “Brooke House College Football Academy” direktori Shuhrat Ernazarov. – Endilikda biz jizzaxlik futbolsevar yoshlar bilan ham ish olib boramiz. Buning uchun angliyalik murabbiylarni jalb qilmoqchimiz. Mahalliy murabbiylarni ham o‘qitish, ularni futbolchilar qatorida Angliyaga malaka oshirishga yuborish ham rejalashtirilgan. Futbolni sifatli va xavfsiz maydonlarda o‘ynash muhim albatta. Shu ma’noda biz yangi turdagi futbol maydoni qoplamalari o‘rnatishni taklif etyapmiz. Shu bilan birga o‘yinni yangicha tahlil qilish uchun video kuzatuv tizimini takomillashtirish, bunda ilg‘or texnologik yechimlarni berishga tayyormiz. Bularning barchasi o‘zbek futbolini mutlaqo yangi yo‘nalishda taraqqiy toptirishga xizmat qiladi.
– Men Birmingem shahridan keldim, “Brooke House College Football Academy”sida murabbiy bo‘lib ishlayman, – deydi angliyalik murabbiy Maykl Blek. – Maqsadimiz – ingliz tajribasi asosida o‘zbekistonlik yosh iqtidorlarni tarbiyalash. Akademiyamizning faoliyati yurtingizda kengayib borayotgani bizni quvontiradi. Kelgusida bu yerda ham yaxshi futbolchilarni yetishtirib beramiz. O‘zbekistonda iqtidorlar ko‘p, faqat ularni namoyon eta bilish lozim.
Toshkent shahrida futbol akademiyasining filiali o‘tgan yili ish boshlagan edi. Endi Jizzax viloyati bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Rejaga ko‘ra, ingliz murabbiylari kelib hududda yosh futbolchilarni tarbiyalashga ko‘maklashadi.
Muloqotda viloyatdagi futbol maydonlari uchun Belgiyada ishlab chiqarilgan qoplamalardan keng foydalanish borasida ham fikr almashildi. Ta’kidlanganidek, mazkur qoplama yuqori sifatga ega bo‘lib, unda futbolchilarning jarohat olish ehtimoli ancha kamayadi, mustahkamligi bois uzoq muddatgacha foydalanish imkoniyati yaratiladi. O‘tkazilgan muloqotda kelgusida mazkur yo‘nalish bo‘yicha ham hamkorlik masalalari kelishib olindi.
Darvoqe, bugungi kunda O‘zbekiston superligasida ishtirok etayotgan professional futbol klublarining stadionlari orasida sifati past deb qaralayotgan stadionlarning 4 tadan bittasi bu “So‘g‘diyona” markaziy o‘yingohi maydoni ekanini ham shu o‘rinda aytib o‘tish e’tiborga joiz.
– “So‘g‘diyona” professional futbol klubining jahon standartidagi qarorgohi, biz chempionat o‘yinlarini o‘tkazayotgan stadionimizda kamchiliklar yo‘q, – deydi “So‘g‘diyona” markaziy stadioni direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Dilshod Yo‘ldoshev. – To‘g‘ri, futbol maydonimiz maqtanadigan darajada emas. Lekin bu – “Ushbu maydonda futbol o‘yinlarini o‘tkazib bo‘lmaydi!” degan xulosani bermaydi. O‘FA – O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi, PFL – professional futbol ligasi talablariga javob bergani uchun ham “So‘g‘diyona” markaziy stadionida superliga bahslari o‘tkazilmoqda.
– O‘tgan mavsumda chempionatning kumush medallarini qo‘lga kiritdik, xalqaro maydonga chiqdik, bu yil maqsadlarimiz bundan-da yuqori, – deydi “So‘g‘diyona” PFK direktori Javlon Salohiddinov. – Demak, talablar ham shunga yarasha bo‘ladi. Maydonimiz mamlakat chempionati uchun qoniqarli, ammo biz bu bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Chunki endi biz xalqaro maydonga chiqdik. Jahon futboli standartlariga to‘la javob bera oladigan klubimizning akademiyasi barpo etilmoqda. Aynan o‘sha yerga o‘tkazilgan maysalar ayni paytda, to‘la nihol oldi. Lekin bu maysalardan hozir ko‘chat olib ushbu markaziy stadionimiz maydoniga eksak, kamida 4 oy bu maydonda musobaqa o‘tkazish u yoqda tursin, mashg‘ulotlar qilish ham mumkin bo‘lmaydi. Shu sababdan, chempionatimiz tugashi bilan joriy yilning noyabr oyida maydonga xorijdan olib kelinib akademiyamizda yetishtirilayotgan maysa ko‘chatlarini o‘tkazamiz va xudo xohlasa, kelgusi yilgi chempionatni muxlislarimiz jahon andozalariga to‘la javob bera oladigan futbol maydonida tomosha qiladilar, deb o‘ylayman.
Viloyatda ayollar futboliga ham alohida e’tibor qaratilgan. O‘tgan yilgi mavsumda O‘zbekiston chempionligini va kubogini qo‘lga kiritgan “So‘g‘diyona-Woman” xotin-qizlar futbol klubi joriy mavsum ham ayollar o‘rtasidagi chempionatda karvonboshilik qilmoqda.
–O‘zbekiston chempioni, mamlakat kubogi sohibi – “So‘g‘diyona-W” ayollar futbol jamoasi o‘z qarorgohiga ega emas. Jamoa qachon o‘z bazasiga ega bo‘ladi?
– Mamlakatimiz va bu yildan Osiyo miqyosidagi xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishimiz uchun viloyat hokimi, “So‘g‘diyona” PFK ma’muriyati bizga barcha sharoitlarni yaratib bermoqda va bundan biz juda minnatdormiz, – deydi “So‘g‘diyona-Woman” futbol klubi bosh murabbiyi Sherali Boboqulov. – Quvonarlisi, “So‘g‘diyona” jamoasi akademiyasi yonginasidan barcha talablarga to‘la javob bera oladigan “So‘g‘diyona-W” ayollar jamoamizning o‘z qarorgohi barpo etilmoqda. Bu qarorgoh nafaqat respublikamizdagi, balki Markaziy Osiyodagi eng yaxshi ayollar futbol klublari qarorgohlaridan biriga aylanishiga ishonaman.
Viloyatda futzal ham juda keng ommalashgan va tabiiyki rivojlangan. Futzal bo‘yicha mamlakat chempionati oliy ligasining joriy mavsumdagi chempionligini ham, kubogini ham aynan Jizzaxning “Jizzax-Kanteks” jamoasi qo‘lga kiritdi.
“Jizzax-Kanteks” jamoasi bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov, joriy mavsumda chempionlikni va kubokni qo‘lga kiritgach, bularning barchasi Jizzaxda futzalga bo‘lgan e’tibor va yaratib berilgan shart-sharoitlar tufayli ekanini aytganiga qaraganda, bu borada ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, O‘zbekiston chempionati I ligasida “Dizak” futzal jamoasi Jizzax sharafini munosib himoya qilayotgani ham fikrimizni isbotlaydi.
Lekin afsuski, Jizzax futbolida ko‘ngilni xira qiladigan holatlar ham bor. Jizzax futbolining eng og‘riqli nuqtalaridan biri – bu yoshlar futboli desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki O‘zbekiston U-19 va U-21 yoshlar jamoalari chempionatdagi “So‘g‘diyona” o‘rinbosarlarining ishtirokini qoniqarli deb bo‘lmaydi.
Masalan, 21 yoshgacha bo‘lgan mamlakat chempionatida “So‘g‘diyona” U-21 jamoasi superliganing 14 klubi orasida eng oxirgi(!) pog‘onada, 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida “So‘g‘diyona” U-19 jamoasi esa 24 klub o‘rtasida 19-o‘rinda borayotgani – Jizzax obro‘siga to‘g‘ri kelarmikan?
“So‘g‘diyona” PFK kelajagi ana shu yoshdagi futbolchilardan shakllanmaydimi? Bu ketishda, bugun mamlakatimizda chempionlikka, xalqaro maydonda OFK kubogiga da’vogarlardan biri deb qaralayotgan jamoadosh akalariga bu yosh yigitlar munosib o‘rinbosarlar bo‘lib yetisha olarmikan?
Mutasaddilar ana shu yoshdagi jizzaxlik yosh iqtidorlarga yaratilgan sharoit, ularni qiynayotgan muammolarni joyiga borib o‘rganmas, ularni bartaraf etish yo‘llarini topmas ekan, 18-21 yoshdagi jizzaxlik yosh futbol iqtidorlarini boshqalar ilib ketishi hech gap emas. Bunday holat esa, ming afsuski Jizzax futbolida tez-tez uchrab turibdi.
A.Qayumov, O‘zA