Jinoiy reja barbod bo‘ldi
"Dolzarb 20 kunlik" tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati hududiy bo‘linmasi tezkor xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda 20 yoshli ayolning “odam savdosi” qurboni bo‘lishining oldi olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, Angren shahrida yashovchi 25 yoshli ayol Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yashovchi tanishlari bilan jinoiy til biriktirib, oson daromad orttirish maqsadida, Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida yashovchi ayolning ishonchiga kirgan. Uni aldov yo‘li bilan chet elga yuborishga uringan. Gumonlanuvchi shaxs, ushbu ayolni xorijdagi tanishida mo‘may daromad topuvchi bir nechta bo‘sh ish o‘rinlari borligiga ishontirgan. Shundan so‘ng Toshkent xalqaro aeroporti orqali Dubay shahriga “shahvoniy ekstraditsiya”, fohishalik uchun yuborayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanuvchini Dubay shahrida yashovchi boshqa bir O‘zbekistonlik ayol kutib olishi kerak bo‘lgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, jinoyatga aloqador boshqa shaxslarning shaxsini aniqlash va ularni tergovga jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, qonunchilikka asosan “Odam savdosi” bilan shug‘ullanish 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
A.Musayev, O‘zA muxbiri