JIMT Bosh direktori O‘zbekistonga keladi
Mamlakatimizning Jenevadagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlar bo‘yicha doimiy vakili Eldiyor Toshmatov Jahon intellektual mulk tashkiloti (JIMT) O‘tish davri va rivojlangan mamlakatlar bo‘limi boshlig‘i Habib Asan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokora davomida tuzilma Bosh direktori Daren Tangning joriy yil 27-28 may kunlari O‘zbekistonga uyushtiriladigan tashrifi bilan bog‘liq tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi.
Mazkur nufuzli tashkilot rahbari Markaziy Osiyoga ilk bor kelyapti. Ta’kidlanganidek, 180 dan ortiq davlatni birlashtiruvchi JIMT intellektual mulk himoyasini muvofiqlashtirish, sohada xalqaro kelishuvni ma’muriy jihatdan boshqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston 1991 yildan a’zosi hisoblanadigan JIMTning 20 ga yaqin xalqaro hujjatini ratifikatsiya qilgan.
Habib Asan yurtimizdagi islohotlar BMT tomonidan e’tirof etilayotganini qayd etib, respublikamizning intellektual mulkni rivojlantirish, iqtisodiyotga innovatsiya joriy etish, hududiy brendlar yaratish borasidagi sa’y-harakatlarini ijobiy baholadi.
Daren Tangning O‘zbekistonga kelishi JIMT bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilyapti.
Aziza Alimova, O‘zA