Jilolanayotgan milliy matolarimiz namoyishi
Ma’lumki, dunyoning mashhur moda dizaynerlari e’tiboriga tushgan milliy matolarimizning qiymati tobora ortib bormoqda. Ayniqsa AQSHning eng nufuzli Harvard universitetining olimi Oskar Guido Goldman hamda amerikalik dizayner De La Rentalarning atlas va adraslarimizning muxlisi bo‘lib, umrini mazkur matolarni o‘rganishga, targ‘ib qilish va namunalar yig‘ishga sarflab kelayotgani bunga bir misol bo‘la oladi.
O‘z o‘rnida jahon ko‘rgazmalarida, xalqaro va mahalliy podiumlardagi namoyishlarda jilolanayotgan milliy matolarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Marg‘ilon shahridagi “Hunarmandlar markazi”da “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi a’zosi “Gold silk” kompaniyasi tomonidan “Ipaklari tillodan” deb nomlangan modalar namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Hunarmand, tadbirkor, ijodkorlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, xalqaro va mahalliy moda olami vakillari, san’at namoyondalari, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etgan tadbirda atlas, adras, beqasam, shoyi va a’lo baxmal singari matolardan tikilgan ko‘rkam, hushbichim liboslarimiz namoyish etildi.

– Namoyishda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi a’zosi “Gold silk” kompaniyasi tomonidan namoyish etilgan milliy liboslar ranglari, fasonlari va shakllari bilan ajralib turdi, – dedi Turkiyalik dizayner Mehmet Alla o‘g‘li. – Bu matolardagi tabiiy ranglar hechqachon nursizlanmaydi. Ta’kidlash joizki, namoyish etilgan liboslarda milliy va zamonaviylik birdek uyg‘unlashgani ko‘pchilik tomoshabinlarga ma’qul bo‘ldi.

Mazkur modalar namoyishi opa-singillarimiz o‘rtasida qadriyatlarimiz va o‘zligimizni unutmagan holda kiyinish madaniyatini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA