JIDUda yosh tadqiqotchilar forumi o‘tkazildi
Bugun poytaxtimizdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston Respublikasining ichki va tashqi siyosatidagi islohotlarga yoshlarning qarashi” mavzusida yosh tadqiqotchilar forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘in o‘lkamizda amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va iqtisodiy islohotlarga yoshlarning munosabatini o‘rganish, ularning ilmiy-tahliliy salohiyatini rivojlantirish hamda amaliy takliflar ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.

JIDU qoshidagi Talabalar ilmiy jamiyati tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Tashqi ishlar vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Yoshlar ishlari agentligi hamda boshqa qator tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, anjumanda JIDU, Toshkent davlat yuridik universiteti, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalari talabalari, yosh tadqiqotchilar qatnashdi.

Forum davomida sud-huquq islohotlari, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat transformatsiyasi, zamonaviy diplomatiya tizimi, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi, transport-logistika sohasini rivojlantirish kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Konferensiya yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar kelgusida mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga oid ekspertlik muhokamalarida qo‘llanilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Tadbir yoshlar, davlat idoralari va ekspertlar o‘rtasida ochiq muloqot platformasiga aylanib, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar jarayonida yoshlarning ishtiroki tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini yana bir bor namoyon qildi.
Musulmon Ziyo,
O‘zA