JCh–2026 finali uchun chiptalar 8,6 ming dollargacha sotilmoqda
JCh-2026 ning hal qiluvchi final uchrashuviga AQSHdagi "Metlayf" (MetLife Stadium) stadioni mezbonlik qiladi.
Futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati final o‘yiniga chiptalar qiymati 4 ming dollardan 8,6 ming dollargacha bo‘lgan oraliqni tashkil etmoqda. Bu haqda EuroFoot nashri Financial Times xalqaro kunlik gazetasiga tayanib, o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
Navbatdagi dunyo birinchiligi AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida shu yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar bo‘lib o‘tadi. Musobaqaning guruh bosqichi 11-iyundan 27-iyungacha davom etadi.
Guruhlarda dastlabki ikki o‘rinni egallagan termalar, shuningdek, uchinchi o‘rinni band etgan eng yaxshi 8 ta jamoa pley-off bosqichiga yo‘llanma oladi. Turnir davomida jami 104 ta uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu jahon chempionatlari tarixi uchun mutloq rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
JCh-2026 ning hal qiluvchi final uchrashuviga AQSHdagi "Metlayf" (MetLife Stadium) stadioni mezbonlik qiladi.